AQShning janubi-g’arbida ko’p yillar davom etayotgan qurg’oqchilik Kolorado daryosining qurishiga olib keldi. Ferma va shaharlar suvga muhtoj, kim suvni tejashi kerak, deya talashayapti. Arizona shtatidagi bir loyiha muammoning har ikki taraf uchun qulay yechimini topgan ko’rinadi.
Yuma Mesa kanali sharofati bilan Arizona cho’lida ham qishloq xo’jaligi rivojlangan. Bu kanal orqali suv Kolorado daryosidan beda dalalari va bog’larni sug’orish uchun yuboriladi.
Biroq Kolorado daryosida suv kamaymoqda. 400 kilometr naridagi Guver to’g’oni ortida, omborda suv sathi misli ko’rilmagan darajada past. Mid ko’lining qurishi fermerlarni juda qo’rqitib qo’ydi.
“Xavotirdamiz. To’g’on bor ekanki, yillar davomida ishlarimiz yurishdi. Endi esa suv kamayyapti. Bundan ham pasaysa, suvsiz qolamiz”, – deydi fermer Jim Veddl.
Arizona shtati poytaxti Finiks rasmiylari ham tashvishda. Lekin yechim topilganday. Markaziy Arizona loyihasi doirasida Finiks, Tuson va boshqa shaharlar suv bilan ta’minlanadi.
“Mid ko’lida suv kamayishi nimani anglatadi? Ilk bor Kolorado daryosida suv tanqis bo’lishini!” – deydi Tom MakKann, loyiha boshqaruvchilaridan.
Loyihasi doirasida shaharlar omborxonadagi suvdan foydalana boshlashi mumkin. Ammo zaxiralar 10-15 yilga yetadi, xolos.
Xo’sh, muammoni qanday hal qilish mumkin?
Qishloq xo’jaligi uchun daryoning 80 foizi ishlatiladi. Fermerlar tejamliroq bo’lsa-chi?
“Jiddiy tanqislik kuzatilsa va shaharlarga ta’sir qilsa, shahar rahbariyati fermerlarga murojaat qiladi. Suvni kamroq ishlating, mayli pul to’laylik, lekin shaharliklarga ham ob-hayot yetsin, degan ma’noda,” - deydi MakKann.
Yumadagi kichik bir loyiha doirasida aynan shunday yondashuv sinalmoqda.
Mana bu dalalarda beda o’sardi. Bugun ekin yo’q. Ammo yer egasi daromadsiz qolgani yo’q. Markaziy Arizona loyihasi unga ekin ekmagani uchun pul to’laydi va shu bilan suv tejalmoqda.
Yer ham dam oladi, deydi dehqon Jim Veddl.
“Arizonada jazirama issiqda bu yerlarning bo’sh turishi juda yaxshi, albatta, chunki bu holda tuproqdagi kasalliklar yo’qoladi”.
Kelasi yil esa hosil ko’payadi.
Loyiha hozircha katta emas – bor-yo’g’i 600 gektar yer. Ko’p suv tejalayotgani yo’q.
Ammo fermerlar bo’sh yerlarning ko’payishiga qarshi, chunki hosil mahalliy iqtisod uchun zarur.
“Agar katta maydonlar qishloq xo’jaligida ishlatilmasa, traktor zavodlari, urug’ yetishtiradigan kompaniyalar, sug’urta kompaniyalari, oziq-ovqat do’konlari va hatto Makdonalds restoranlariga ziyon yetadi,” - tushuntiradi Jim Veddl.
Biroq Kolorado daryosini qutqarish uchun yerlarning bir qismini bo’lsa-da, sug’ormay qo’yish kerak. Bu loyiha uchun 11 million dollar ajratilgan.