Breaking News

Vashingtondagi tashlandiq bekatlar san'at dargohlariga aylanadi


Vashington shahri ostidagi eski bekatlar...
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:35 0:00

Vashington shahri ostidagi eski bekatlar...

Poytaxt Vashington markazida bir paytlar tramvaylar yurgan. Bundan 50 yil avval ularning amal qilishi to’xtatilgan, ammo yerosti bekatlar saqlanib qolgan. Hozirda bu tashlandiq bekatlarni ko’rgazma, galereya va konsertlar tashkil etiladigan joyga o’girish rejalanmoqda.

Vashington markazidagi Dyupon Syorkl parki doim gavjum. Daraxtlar bilan o’ralgan, bahavo bir joy. Lekin ko’plar yerning tagida nima borligidan bexabar. Braulio Agnese eski tramvay bekatlarini san’at makoniga aylantirmoqchi.

“Bu yerda muayyan mavzudagi ko’rgazmalar tashkil etish, chiroqlar o’rnatib, joydan foydalanish mumkin. Turli installyatsiyalar yoki an’anaviy galereya ochsak ham bo’ladi. Aylana shakldagi devorlar yangi uslubdagi teatr postanovkalari uchun imkon yaratadi. Vashingtonda eksperimental teatrlar ko’p. Bunday g’aroyib joydan sahna sifatida foydalanishlari mumkin,“ - deydi u.

Tunnel va bekatlar 1940-yillar oxirida qurilgan.

Ammo bu yerosti inshoot ko’p ishlatilmadi: 60-yillarga borib tramvaylar ishdan to’xtadi.

Endi tashlandiq bekatlar Vashingtonning yangi ramzi, ko’rkiga aylanishi mumkin. Agnese:

“So’nggi 5-10 yilda juda katta o’zgarishlar yuz berdi. Yangi restoranlar ochilmoqda, yangi binolar qurilyapti. Imkoniyatlar talay. Shahar yanada ravnaq topishida yordam beradigan loyiha bilan chiqayapmiz”.

Dyupon yerosti tizimi tashlandiq joylarga yangi hayot baxsh etish, eski sanoat inshootlari restavratsiya qilinayotganiga bir misol. Nyu-Yorkda eski tramvay deposini parkka aylantirish rejalangan. Masalan, eski temir yo’llar o’rniga barpo etilgan Haylayn parki doimo odamlar bilan gavjum. Vashingtonda ham bunga erishsa bo’ladimi?

“Dyupon parki yaqinida tadbirlar o’tkazish uchun yangi joyga ehtiyoj borligi shubhasiz. Yerosti zallar juda katta – 7000 kvadrat metrga teng. Uni qayta tiklash va foydalanish – zo’r taklif,” - deydi Bill Makleod.

U Dyuponda kichik bizneslarni qo’llab-quvvatlaydigan tashkilot rahbari. 15 yil avval yerosti bekatlarni tramvay shaklidagi kafe va restoranlarga aylantirish rejasi bo’lganini eslaydi. O’shanda loyiha amalga oshmagan.

“Hozirgi tashabbusga yondashuv boshqacha. Tashkilotchilar mablag’ topishni yaxshi yo’lga qo’ygan. Bunday proyekt katta pul va vaqt talab qilishini tushunishyapti. Ammo ishlashga tayyor,” - deydi Makleod.

Braulio Agnese va unga unga hamfikr mutaxassislar bu antiqa maskan kuzda ochiladi, degan umidda. Yerosti gallereya va konsertlarga qiziqish qandayligi o’shanda ma’lum bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG