Amerika iqtisodiyotida qiziq bir vaziyat - ko’pchilik o’ziga ish topa olmayapti, ko’plab kompaniyalar esa bo’sh o’rinlarni to’ldirishga qiynalmoqda. Muammo, deydi ekspertlar, malaka yetishmasligida.
O’nlab yillar davomida amerikalik ishchilar zavod va fabrikalarda, qurilish sohasida va mahsulotni qayta ishlash sexlarida yaxshi maoshga ish topishi mumkin edi.
Ammo Xitoydan kuchli raqobat, xomashyo qimmatlashgani, ishchilarni sug’urta va pensiya bilan ta’minlash majburiyati daromadning beliga tepdi. Natijada ko’plab kompaniyalar zavodlarini ishchi kuchi arzon bo’lgan davlatlarga ko’chirdi.
Ishsiz qolganlar ko’p. Masalan, 62 yoshli Herbi Meyz.
“Endi nima qilaman deb rosa o’ylandim. Haligacha bir qarorga kelganim yo’q”, - deydi otaxon.
Avtomatlashtirish ham ish joylarining qisqarishiga olib keldi, degan qarash mavjud.
Iqtisodchilarning aytishicha, ilgarida bo’lgani kabi usta-shogird tizimini qayta yo’lga qo’yish kerak. Kurslarga qatnaysiz, shogird tushib, yangi ko’nikma orttirasiz. Daniya kabi mamlakatlarda shu tariqa minglab ish joylari saqlab qolingan.
“15 yil oldingi davr bilan qiyoslaydigan bo’lsak, hozir Daniyada ish ko’proq”, - deydi Jesper Xaugard, Daniyaning "Novozayms" kompaniyasi vakili.
2016-yilda Amerikada 146 million vakansiya ochilgan edi, 500 o’rin shogird tushish hisobiga to’ldirildi. Shu tariqa ish topgan AJ Shermanning aytishicha, aksar amerikaliklar shogird nima ekanini bilmaydi.
“Ustaga shogird tushdim desam, maosh olasanmi deb so’rashadi. Albatta, yaxshi pul topamiz”, - deydi u.
Amerika zavodlarida ham amaliyot o’tash taklif qilina boshlagan. Biroq bu sistemani mamlakat miqyosida tatbiq etish uchun hukumat kattaroq mablag’ ajratishi zarur.
Facebook Forum