Immigratsiya tizimida tub islohotlar tarafdorlari hukumatni savolga tutishda davom etmoqda. Agar qabul qilinsa, yangi qonun hozir hujjati yo’q muhojirlarga hatto fuqarolikni olish imkonini yaratadi. Immigrantlarga boy Nyu-York shahrida yangi mer nolegal muhojirlarga shaxsiy guvohnoma berish, hayotini osonroq qilish masalasini ko’rib chiqmoqda.
Shahar boshqarmasi binosidan sal narida faollar namoyish uyushtirdi.
Nyu-York shahrining Immigratsiya bo’yicha komissari Nisha Agarval mer Bill de Blazio nomidan so’zladi. De Blazio merlikka da’vo qilganida immigratsiya sohasini isloh qilish kerak, qabilidagi gaplari bilan tarafdor qozongan edi.
“Bugungi namoyishni qo’llaymiz. Nyu-York immigrantlar uchun teng imkoniyatlar yaratish yo’lida yetakchi ekanini namoyish qilmoqchimiz. Butun mamlakat bizga ergashadi, degan umiddamiz”.
Shahar kengashining Immigratsiya bo’yicha idorasi raisi Karlos Menchacha har bir nyu-yorklikka guvohnoma berish haqidagi yangi qonun tashabbusi bilan chiqdi.
“Maqsad – panada yurgan odamlarga shaxsiy guvohnoma berish. Bu hujjat immigratsion maqomidan qat’i nazar har bir nyu-yorklikka ulashiladi. Bu yerda yashaysizmi? Demak, Nyu-York shahrida istiqomat qiladi, degan hujjatini olasiz,” - tushuntiradi u.
Bakari Tsandia kabi faollar nazarida yangi qonun ayniqsa Afrika jamoasining mushkulini yengil qiladi.
“…Chunki hujjati bo’lmagan shaxs, masalan, o’z mamlakatida olgan pasportining muddati o’tgan bo’lsa, ko’p binolarga kirolmaydi. Bankda hisob ocholmaydi. Oddiy nyu-yorklik kabi yasholmaydi,” - deydi faol.
Qonun tarafdorlari hujjat muhojirlarning iqtisodiy imkoniyatlarini ham oshiradi, deydi. Chunki dokumenti bo’lmasa ko’pgina taksi haydovchilari haydovchilik guvohnomasini yangilay olmaydi.
Guvohnomasi yo’q ota-onalar maktabda majlislarda ham qatnasha olmaydi, chunki oddiygina binoga kiritilmaydi. Ayniqsa, Qo’shma Shtatlarda tug’ilmagan bolalarga qiyin.
Bronksdan faol Abrurazaku Buva yuqori sinf o’quvchilarini bir tadbirga olib borgani haqida hikoya qiladi.
“Bu yerda tug’ilgan yigit-qizlar binoga bemalol kira oldi. Ammo hujjatsiz kelganlar tashqarida qoldi. Ikkita bolani ko’chada qoldirishga majbur bo’ldim. Juda yomon bo’ldim”.
Namoyishda yangi qonunga qarshilar ham bo’ldi. “Nyu-yorkliklar immigratsiya nazorati uchun” nomli tashkilot faoli Piter Katalenasning hujjatsiz muhojirlarga munosabati salbiy.
“Bu mamlakatga ruxsatsiz kelgan odamning qolib, yashashga haqqi yo’q. Masalan, mening uyimga birov taklifsiz kelib o’tirib olmaydi-ku, “bo’ldi, endi shu yerda yashayman”, deb, to’g’rimi? Boshqalar ham fikrimga qo’shiladi, deb o’ylayman,” - deydi u.
Mutaxassislar fikricha, mer Bill de Blazio yaqin orada yangi qonunni tasdiqlaydi. Ammo immigratsiya sohasini jiddiy isloh qilishni ko’zda tutgan federal qonun mana bir necha oydan beri Kongressdan o’tmayapti. Noyabr oyidagi saylovgacha biror o’zgarish bo’lishi amri mahol, deydi kuzatuvchilar.