Eronda bedarak ketgan to'rt amerikalikning oila a'zolari AQSh va Tehrondagi rasmiylardan ularni topishda yordam so'rab murojaat qildi. Ayni paytda Eron yadro dasturi yuzasidan ikki mamlakat o'rtasidagi muzokaralar so'nggi pallaga kirgan.
Kongressdagi tinglovda qatnashgan Daniel Levinsonning otasi 2007-yil Eronda ishlab yurgan paytida o'g'irlab ketilgan. Uning qayerdaligi hanuz ma'lum emas.
"Biror kun yo'qki, biz uni eslamasak. Uning qanchalik qiynalayotgani, uni uyga qaytarish uchun nima qilishimiz kerakligi haqida doim o'ylaymiz", - deydi u.
Ikki soatlik tinglovdan so'ng Kongress qo'mitasi Eron qo'lida ekani aniqlangan uch amerikalikni ozod qilishga chaqiruvchi rezolyutsiya qabul qildi. Respublikachi kongressmen Ed Roys Tehronni hozir davom etayotgan muzokaralarda bergan va'dalarining ustidan chiqishga ham undadi.
"Agar noto'g'ri hibsga olingan amerikaliklarni ozod etish bo'yicha Eron rasmiylariga ishonib bo'lmasa, muloqotda kelishilgan masalalar bo'yicha ularga ishonch bildirish mumkinmi? Bu to'rt amerikalikning uzoq muddatdan beri hibsda saqlanayotganidan juda tashvishdamiz", - deydi u.
"Vashington Post" gazetasining Eronda hibsga olingan muxbiri Jeyson Rizoyanning ukasi Ali Rizoyan hamda 2011-yilda qamoqqa olingan yana bir amerikalik Amir Hikmatiyning singlisi Sara Hikmatiy ham tinglovda qatnashdi.