Breaking News

Vashington: Eronga to'langan pul amerikaliklarni ozod qilishga yordam berdi


Obama ma'muriyati ilk bor Eronga to'langan 400 million dollar hibsdagi amerikaliklarni ozod etish harakatiga ta'sir o'tkazish maqsadida berilganini e'lon qildi.

Avvalroq Prezident Obama Tehronga to'langan mablag' amerikaliklarni ozod qilish uchun emas, avvaldan qolib ketgan qarzni uzish maqsadida amalga oshirilganini aytgan edi.

Davlat departamenti so'zlovchisi Jon Kirbi tol'ov o'tgan asrning 70-yillari bekor qilingan qurol savdosiga oid shartnomaning pulini qaytarish uchun amalga oshirilganini, hibsdagi amerikaliklarni ozod qilish alohida muhokama qilinganini qayd etdi.

"Eron qamoqdagilarni ozod qilish fikridan qaytadi, degan xavotir bor edi. 24 soatlik muddat ichida turganingizda, amerikaliklarni ozod qilish tashvishi sizda bo'lishi tabiiy. Bunga erishish uchun barcha ta'sir o'tkazish choralarini ko'rmaslik ahmoqlik bo'lardi", - dedi Kirbi.

"Shunday ekan, bularning orasida bog'liqlik bormi, deb so'rasangiz, men buni inkor qilmayman", - deya qo'shimcha qildi u.

Ozod qilingan amerikaliklar "Vashington Post" gazetasining Tehron bo'limi rahbari Jeyson Rizoyan, sobiq askar Amir Hikmatiy, nasroniy rohibi Said Abidin hamda Nusratullo Xusraviy-Rudsariy nomli avval jamoatchilikka ma'lum bo'lmagan yana bir shaxsdan iborat.

Amerikaliklarning ozod qilinishi va Eronga pul to'lanishi bir kunda, 17-yanvar kuni ro'y bergan. Ayni kunlarda Eron va AQSh yetakchiligidagi xalqaro hamjamiyat Tehronning yadro dasturini to'xtatish yuzasidan ham kelishuvga erishgan edi.

Tanqidchilar AQShni mahbuslarni ozod qilish uchun haq to'laganlikda ayblamoqda. Respublikachi qonunchilar ham garovga olingan odamlar uchun haq to'lamaslik siyosatini olib borgan AQShning Eronga shu maqsadda pul to'laganidan norozi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG