Respublikachi kongressmen Piter Kingning aytishicha, AQShning Iroq va Suriyada "Islomiy davlat" guruhiga qarshi amalga oshirgan havo hujumlari uzoq davom etganiga qaramay, jiddiy natija bergani yo'q. O'tgan hafta jangari guruh rahbari Abu Bakr al-Bag'dodiy ham AQSh koalitsiyasi va Rossiya amalga oshirgan zarbalar "Islomiy davlat"ni zaiflashtira olmagani haqida so'zlagandi.
AQSh Kongressi Vakillar palatasining Razvedka va terrorizmga qarshi kurash quyi qo'mitasi raisi Piter Kingning ta'kidlashicha, Bag'dodiyning 16 oylik havo kampaniyasi haqida bildirgan bayonoti ajablanarli emas.
"Biroz o'zgarish qila oldik. Afsuski, 16 oylik havo hujumlari qanchalik uzoq muddat ekanini hisobga olsak, natija juda kichik bo'lgani haqida uning aytganlari to'g'ri. Rossiya esa hujumlarining aksariyat qismini IShIDga emas, muxolif guruhlarga qarshi qaratmoqda. Nazarimda, bugun IShID 16 oy oldinga qaraganda kuchliroq. Nazorati ostida katta hududlar bor. Nafaqat Suriya va Iroqda harakatlanmoqda, balki Afg'onistonga ham kirib borishyapti. Ular AQShga hujum qilishni rejalayotganini ham bilamiz", - deydi kongressmen.
Piter Kingning aytishicha, so'nggi oylarda guruhning Amerikada hujumlarni amalga oshirish niyati yanada qat'iylashgan.
Parij va Kaliforniyadagi qonli voqealar ortidan King musulmon jamoalari, xususan, masjidlar ustidan nazoratni kuchaytirish kerak, degan fikrda. Bu AQSh fuqarolarinig konstitutsion huquqlarini buzmaydimi, degan savolga xavfsizlik eng muhim masala, deya javob beradi u.
"Fakt shuki, xavf qayerdan kelsa, o'sha yerni tekshiramiz. Bu mamlakatda musulmonlarning 98-99 foizi yaxshi odamlar. Nyu-Yorkda ilk bor saylangan musulmon rasmiydan qasamyod qabul qilyapman. U mening yaxshi do'stim. Bu ishlar musulmonlarga qarshi emas. Biz faqat xavf manbasini tekshiryapmiz", - deydi u.
Kongressmenning aytishicha, AQShda yashovchi italiyalik va irlandiyalik jamoalar orasiga ilgari josuslar kirib, zo'ravonliklarni tugatishda qanchalik muvaffaqiyat qozongan bo'lsa, musulmonlar orasida ham shunday ishlarni amalga oshirish kerak.
Hozir huquq-tartibot organlari imkoniyati cheklangan; ularning vakolatlarini oshirish kerak, deydi kongressmen Piter King.