Iroq shimolida kurd rasmiylarining bayon qilishicha, ularning qo'lidagi jangari AQSh fuqarosi va “Islomiy davlat”ga ikki oy oldin qo'shilgan.
Muhammad Jamol Xuvays AQShning Virjiniya shtatida tug’ilgan. U dushanba kuni Iroq shimolidagi Sinjar shahri yaqinida ushlangan.
“Terrorchi qo’shinlarimiz ixtiyorida qolmoqda”, - deydi kurd qo’mondoni Daham Husayn “Amerika Ovozi”ga.
Oilasiga ko'ra, yigit Yaqin Sharqqa tez-tez borib turgan.
Xuvaysning yonida haydovchilik guvohnomasi, kredit kartalari, uyali telefoni va naqd pul bo’lgan.
“U Peshmerga askarlariga taslim bo’lganini tasdiqlaymiz. U o’zining amerikalik ekani va “Islomiy davlat” a’zosi ekanini darhol tan oldi, - deydi Peshmerga rahbarlaridan biri Jabbor Yavar. – Terrorizm va unga qarshi kurashga oid qonunlarimizga binoan uning ishi ko’rib chiqiladi”.
AQSh Davlat departamenti Iroq va kurd rasmiylari bilan aloqada va Xuvaysga oid ma’lumotlar tekshirilmoqda.
“Amerika Ovozi” Xuvaysning Virjiniyadagi otasi bilan bog’landi. U Davlat departamentidan o’g’lining hibsga olinganini tasdiqlashni so’ragan va javob olmagunicha jurnalistlar bilan gaplashmoqchi emas.