Breaking News
Din

Islomga qarshi targ'ibot olib borayotganlar kim?


Pamela Geller "Amerikani islomlashishdan to’xtating" degan tashkilot yetakchilaridan
Pamela Geller "Amerikani islomlashishdan to’xtating" degan tashkilot yetakchilaridan
Yaqinda internetga qo’yilgan va musulmon olamini oyoqqa turg’izgan video Amerikada 2001-yilning 11-sentabr voqealari ketidan musulmonlarga qarshi propaganda olib borayotgan kichik bir guruh qarashlarini aks ettiradi.

Qo’shma Shtatlar nasroniy davlat sifatida ayniqsa islomga qarshi turishi kerak, deydi bu to’da a’zolari. Aksariyat amerikaliklar bunday fikrni qoralaydi.

Sifatsiz va mantiqsiz deya baholangan bir video katta bir film sifatida talqin qilinib, qator davlatlarda insonlar hayotiga zomin bo’ldi.

Liviyadan tortib, Indoneziyagacha… Musulmonlar Muhammad payg’ambarni haqorat qiluvchi tasvirlardan norozi.

Xaris Tarin Vashingtonda tanilgan lobbichi. O’z dini islom va safdosh musulmonlar manfaatlarini himoya qilib keladi. Mash’um video, deydi u, nafrat nishonasi.

"Islomni muammo, dushman sifatida targ’ib qiladigan industriya ishi”,- deydi Tarin.

Bu doira ichida, deydi u, AQShda terror xurujlarini amalga oshirgan jihodchilarni hamma musulmonlar quvvatlaydi degan asossiz fikr hukmron.

Pamela Geller Amerikani islomlashishdan to’xtating degan tashkilot yetakchilaridan. Uning sayti internetda ommaviylashib, kitob, maqola va sharhlari boshqa axborot vositalariga ham ko’chgan.

Fayz Shokir bu materiallarni o’rganib chiqqan olim.

“Musulmonlardan qo’rqing, ularning dini qon to’kishni ko’zlaydi degan fitna tarqatib, bu tashkilot butun Amerikani islomga qarshi qayramoqda. Ular o’z fikrlarini internetda videolar orqali targ’ib qilishga o’tgan”,- deydi u.

Amerikani islomlashishdan to’xtating tashkiloti islomga qarshi donorlardan millionlab dollar oladi.

"Musulmonlardan nafratlanish uchun haq”,- deya noliydi Shokir.

Norvegiyada o’tgan yili 80 ga yaqin odamni o’ldirgan Anders Breyvik shunday guruhlarga ergashganini tan olgan.

Jons Xopkins Universiteti professori, siyosatshunos Joselin Sezari tahlilicha, islomga qarshi xalqaro propaganda avjida.

“Amerika va Yevropada musulmonlarga nisbatan bir xil tanqid, dashnomlar yangraydi. Argument, ma’lumot deyarli bir xil, go’yoki musulmonlar dushman”,- deydi Sezari xonim.

Ikki yil oldin Nyu-Yorkda masjid qurilishiga qarshi chiqqan odamlar orasida ham yevropaliklar bor edi, masalan, golland siyosatchisi Geert Uilders.

Olima Sezari deydiki, islomdan qo’rqish Yevropada ildiz otgan illat va bugun Amerikaga ham ko’chgan.

“Bilasizmi, Muhammad payg’ambarga nisbatan haqorat, buzuq odam bo’lgan deb uni masxara qilish, bular yangilik emas. Yevropada azaldan, hatto o’rta asrlarda ham bunday tashviqotlar olib borilgan”,- deydi tadqiqotchi.

Ekstremist kuchlar bir-biri bilan raqobatda. Musulmon davlatlarida nasroniylarni dushman deb e’lon qilgan mutaassiblar ko’p, deydi olimlar. Mo’tadillik ta’minlanmasa, yana qon to’kilishi muqarrar.

Islomga qarshi targ'ibot/Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:43 0:00
Yuklab oling

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG