Breaking News

Obama Isroil va Falastinni murosaga undamoqda


Isroil va Falastin kelishuvga erishadimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:06 0:00
Bu hafta AQSh prezidenti Barak Obama hamda Davlat kotibi Jon Kerri Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan muloqot olib bordi. Oq uyda yopiq eshiklar ortida o’tgan muzokarada Isroil va Falastin o’rtasida tinchlik kelishuviga erishish masalasi muhokama qilindi.
O’tgan iyul oyida boshlangan va hamon davom etayotgan muzokaralar mustaqil Falastin davlatini tuzish hamda bir necha o’n yillik nizolarga chek qo’yishga qaratilgan. 17-mart kungi muloqot oldidan Obama ikki davlat o’rtasida davomiy tinchlikka erishish qiyin masala ekanini tan oldi.

“Bu juda qiyin, og’ir ish. Muvaffaqiyatga erishmoqchi bo’lsak, jiddiy siyosiy qaror va xavflar bilan yuzlashishimizga to’g’ri keladi. Umidim shuki, kelayotgan kun va haftalarda bu masalada siljishga guvoh bo’lamiz”, - dedi AQSh rahbari.

Isroilning so’nggi sharti tinchlik jarayoniga yana bir to’siq qo’ydi. Bu davlat rasmiylari endi falastinliklar tomonidan yahudiy davlat sifatida tan olinishni talab qilmoqda. Prezident Abbosning aytishicha, Falastin Isroilni allaqachon davlat sifatida tan olgan va bu yangi shartga rozi bo’lmaydi.

“Xalqaro qonunlarga va 1967-yilgi chegaraga asoslanib, masalaga yechim topish ustida ishlashni davom ettiramiz. Falastinliklar poytaxti Sharqiy Quddus bo’lgan o’z mustaqil davlatiga ega bo’lishi va bu bilan qochqinlar muammosiga doimiy hamda adolatli yechim topishi kerak”, - dedi Abbos.

Ziddiyatlarning yana bir sababi - Isroilning Falastinga tegishli hududlarda, shu jumladan, Quddusning ayrim qismlarida yahudiy posyolkalari qurilishini davom ettirayotgani. E’tirozlarga javoban Isroil falastinliklarni isroilliklarga va ular mol-mulkiga hujum uyushtirayotganlikda ayblaydi.

Obama Falastin yetakchisini murosa yo’liga undayotgan bir paytda, G’arbiy Sohildagi bir qator shaharlarda falastinliklar Abbosni Vashington bosimlariga uchmaslikka chaqirdi.

“Bugun biz, Hebron shahridagi minglab odamlar, bir ovozdan prezident Abbosni ko’rsatilayotgan bosimlarga qarshi turishga chaqiramiz. U Falastinning birlashgan mavqeini ifodalovchi tamoyillardan og’ishmasligi kerak. Bu yo’lda o’n minglab odamlar o’z hayotini qurbon qilgan”, - deydi hebronlik fuqarolardan biri.

“Abbos ularning talablariga bo’yin egmayman, deb va’da berdi. Biz bugun shuni yana bir bor ta’kidlash uchun yig’ildik. O’z yo’limizdan qaytmaymiz va muzokaralarning cho’zilishini istamaymiz”, - deydi Ramalloh shahrida namoyishga chiqqan falastinliklardan biri.

Massachusets Texnologiya instituti tahlilchisi Jim Uolshning aytishicha, hech bir tomon AQShning vostachilikdan voz kechishini istamaydi.

“Muzokara to’xtasa, boshqa yo’l bormi? Falastin boykot qilinadi va BMT bosimiga uchraydi. Bu esa qiyin yo’l. Isroil oldida ham muqobil yo’l yo’q, mintaqa beqaror bo’lib turgan bo’lsa axir”, - deydi u.

Avvalgi kelishuvga ko’ra, muzokaralar 29-aprelgacha yakunlanishi kerak edi. Uolshning taxminicha, bunday ketishda ular yana cho’zilishi mumkin. Muloqot butunlay to’xtagandan ko’ra, shunisi yaxshi, deydi tahlilchi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG