Filippin, AQShning azaliy ittifoqchisi, u bilan siyosiy jihatdan ajrashmoqchi. Prezident Rodrigo Duterte Amerikadan norozi. Hamkorlikni yig'ishtirmoqchi. Vashington esa unga yangi elchi bilan javob bermoqda.
Yangi elchi Sung Kim Osiyoning bu qismidagi vaziyat bilan yaqindan tanish siyosatdon. Uning fikricha, Manila bilan til topishish mumkin. Davlat kotibi Jon Kerri ham shunday qarashda va yaqin orada Filippinga borish umidida.
Prezident Duterte AQSh bilan o'tadigan harbiy mashqlarni bekor qilgan. Yaqinda Xitoyga borganida Amerikani qoralab, Filippinga Pekindek yirik va yaqin sheriklar kerak, dedi.
Xitoy unga 9 milliard dollarlik quyi foizli kredit bermoqda. Filippin baliqchilari Pekin egallab olgan dengiz hududlarida faoliyat olib borishi mumkin.
Sung Kim Shimoliy va Janubiy Koreya bo'yicha yetakchi mutaxassis va muzokarachi. Axborot vositalari bilan kam gaplashadigan, "ishni gap bilan emas, harakat bilan bitiradigan arbob", deydi Kerri.
Ayrim ekspertlar nazarida hozir Vashington Manilada mana shunday odamga muhtoj. Bosiq, kamgap va chuqur mulohazali.
Duterte mamlakatida uyushgan jinoyatchilik va qoradori savdosiga, shuningdek, terrorizmga qarshi beshafqat urush olib borayotganini aytmoqda. O'tgan to'rt oy ichida hukumat kuchlari 5000 ga yaqin odamni o'ldirgan.
Amerika bu davlatga va'da qilgan 26 ming avtomatni bermaslikka qaror qilgan, chunki inson huquqlari yoppasiga buzilmoqda, degan xavotir hukmron.
Huquq tashkilotlariga ko'ra, Filippinda davlat xavfsizlik organlari fuqaro erkinliklarini bemalol poymol etishi uchun ruxsat berilgan.
Amerika va Fillipin uzoq davrlik mushtarak manfaat va tarixga ega. AQShda 4 million filippino yashaydi. 30 ming harbiy filippino kelib chiqishiga ega. Amerikada ishlaydigan filippinolar yurtiga har yili 10 milliard dollar pul yuboradi. Filippin iqtisodiyoti uchun juda muhim omil.