AQSh Davlat departamenti Haqqoniylar terror guruhining rahbarlarini qo’lga olish uchun mukofot pulini oshirdi.
Haqqoniylar Pokistonda joylashgan guruh bo’lib, al-Qoida va Tolibon bilan hamkorlik qiladi. Afg’onistondagi xalqaro qo’shinlarni tez-tez nishonga oladi.
2012-yilda AQSh uni terrorchi tashkilotlar ro’yxatiga qo’shgan.
Davlat departamenti guruh rahbari Sirojiddin Haqqoniyni ushlashda qo’l keladigan ma’lumot uchun mukofot pulini 5 million dollardan 10 million dollarga oshirdi.
Shuningdek, quyidagi shaxslarni topishda yordamlashganlar 5 million dollar haq olishi mumkin: Haqqoniyning ukasi Aziz Haqqoniy, amakisi Halil al-Rahmon Haqqoniy, qaynakasi Yahyo Haqqoniy va guruhning suiqasd xurujlar bo’yicha mutaxassisi Abdul Rauf Zokir.