G’arb davlatlari Afg’onistonni qo’llab-quvvatlashda davom etar ekan, afg’onlar bundan mamnun. Lekin hukumat yordamni o’rinli joylarga sarflashi kerak degan talab kuchli.
Tahlilchilar nazarida Kobul Varshavada o'tgan NATO sammitida xalqaro hamjamiyat ishonchini qayta qozondi. Lekin ishonchni to’liq oqlash uchun hali qilinadigan ishlar ko’p.
Prezident Obama Afg’onistonda qoladigan askarlar soni 8400 nafar atrofida bo’lishini e’lon qildi. Avvalroq ular soni 5500 taga tushishi kutilgan edi. AQShning bu qarori ketidan Britaniya ham o’z yordamini davom ettirishini bildirdi.
Varshavada o’tgan NATO sammiti Afg’oniston uchun ahamiyatli bo’ldi. G’arbning yordami har yili 5 milliard dollarni tashkil etadi. Bu ham harbiy, ham iqtisodiy ko’makni o’z ichiga oladi.
Tahlilchi Asadullo Valvoliji so'zlariga ko’ra, bu yordam xalq va hukumat uchun katta ahamiyatga ega. Dunyo yordamisiz mamlakatni bugungi ahvolda ko’rish mumkin emas edi, deydi u.
“Moliya va harbiy yordam Afg’oniston uchun hayotiy narsa. Afg’oniston qashshoq o’lka, har yili 5 milliard dollar yordam nazarda tutilgan, bu muhim. Harbiylarni trening-seminardan o’tkazish va amaliyotlarda ularga yordam berish ham zarur. Buning ruhiy foydasi ham tegadi”,- deydi tahlilchi.
Tahlilchi nazarida xavfsizlikni ta’minlash birinchi o’rinda turibdi. Lekin xalqqa ish o’rinlari yaratilishi ham zarur. Hukumat buning hammasini oz muddatda uddalay olmaydi, ammo iroda bo’lsa, amalga oshirish mumkin, deydi suhbatdosh.
“Hukumat fasodni yo’q qilsin. Yaxshi loyihalarni amalga oshirsin. Ish odamiga topshirilsin. Mutaxassislar ko’paysin”,- deydi Valvoliji.
Mutaxassis fikricha, g’arbning shuncha yillik yordamidan afg’on hukumati unumli foydalana olmadi. Lekin biz hammasi bekor deya ham olmaymiz. Hukumat qurildi, armiya tashkil etildi, shuning o’zi ham osonlikcha qo’lga kiritilmagan. G’arb yordamisiz mumkin emas edi, deydi u.
Faryob viloyatining madaniy ishlar bo’yicha jamoatchilik rahbari Jovid Kayvon nazarida afg’on harbiylari yordamga muhtoj. Xalqaro kuchlar mamlakatni tark etsa, xavfsizlikni ta’minlash izdan chiqishi mumkin.
“Amerika kelishuvlar asosida afg’on harbiylarini quvvatlashi kerak edi. Agar xalqaro yordam davom etaversa, vaziyat o’z holicha qoladi, bunga ishonch bor. Agar hukumat xalqaro hamjamiyat oldida bergan va’dalarini amalga tatbiq qila olmasa, dunyo Afg’onistonni yakka-yolg’iz qoldirishi tabiiy”,- deydi Kayvon.
Afg’onsiton prezidenti Ashraf G’ani Varshava anjumanida Pokistonning jangarilar bilan til biriktirganini aytib, tanqid qildi. Pokiston terrorchilarni yaxshi va yomonga ajratishi xavfli, deydi prezident.