Breaking News

Obama Trans-Tinch okeani savdo bitimini Kongressdan o'tkazish harakatida


AQSh Prezidenti Barak Obama (o'ngda) Singapur Bosh vaziri Li Syanlun bilan, Vashington, 2-avgust, 2016-yil.
AQSh Prezidenti Barak Obama (o'ngda) Singapur Bosh vaziri Li Syanlun bilan, Vashington, 2-avgust, 2016-yil.

AQSh Prezidenti Barak Obama Kongressni 12 davlat bilan tuzilgan Trans-Tinch okeani hamkorligi savdo kelishuvini ma'qullashga undamoqda. Chunki undan keyin keladigan davlat rahbari bunga yo'l qo'ymasligi mumkin.

"Hozircha prezident ekanman, men shu narsani xohlayman", - dedi Obama Singapur bosh vaziri bilan kechgan uchrashuvda.

AQSh rahbarining ta'kidlashicha, bitim nafaqat AQSh mahsulotlari uchun tariflarni kamaytiradi, balki xorijdagi ishchilar ahvolini yaxshilash hamda atrof-muhitni himoya qilishga ham hissa qo'shadi.

Respublikachilardan prezidentlik uchun nomzod Donald Tramp bu va boshqa savdo bitimlariga keskin qarshiligi bilan tanilgan. Unga ko'ra, bu kelishuvlar AQShda ish o'rinlarining boy berilishiga sabab bo'ladi. Agar prezident bo'lsa, u xalqaro savdo kelishuvlarini bekor qilishini yoki AQSh ishchilariga manfaatli shartlar bilan ularni qayta tuzishini aytmoqda.

Demokratlar nomzodi davlat kotibi bo'lgan davrda Trans-Tinch okeani savdo kelishuvini qo'llab-quvvatlagan edi, ammo hozir qarshi chiqmoqda. Uning aytishicha, bitim shartlari u kutgandek bo'lib chiqmagan.

Yashillar partiyasi nozmodi Jil Steyn ham savdo kelishuviga qarshi. AQSh yuritadigan savdo bitimi hammaga birdek manfaatli bo'lishi kerak, deydi u.

Ommaviy so'rovlarda uchinchi o'rinda borayotgan libertarianlar nomzodi Geri Jonson bunday bitimlarga shubha bilan qarashini, ammo erkin savdoni qo'llab-quvvatlashi bois joriy bitimni yoqlashini aytdi.

Obama savdo kelishuvining ish o'rinlari va ishchilar maoshiga ta'sir qilishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni tushunishini, ammo kelishuv AQSh uchun foydali ekanini ta'kidlamoqda.

"Saylov tugagach, kelishuvga siyosiy o'yin sifatida qaramasdan, faktlar orqali nazar tashlanadi, degan umiddaman. Har ikki tomondagilar bilan birga o'tirib, ochiqchasiga uning barcha shartlarini qayta ko'rib chiqishga tayyorman. Chunki u haqda ko'plab noto'g'ri ma'lumotlar yuribdi", - dedi AQSh rahbari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG