Breaking News

Fergusondagi tartibsizliklardan keyin Pentagon dasturi savol ostida


Missuri shtatida qora tanli o’smir politsiya tomonidan otib o’ldirilganidan keyin Sent-Luis va Ferguson shaharlarida odamlar ko’chaga chiqdi. Politsiya ularni bronetransportyorlar va miltiqlar bilan qarshiladi. Qurol-aslahaning bir qismini mahalliy huquq-tartibot organlariga Mudofaa vazirligi uzatgani ayon bo’ldi. Bu dastur atrofida bahslar avj olmoqda.

Pentagon so’zlovchisi, kontr-admiral Jon Kirbining bildirishicha, Mudofaa vazirligining Ortiqcha mulk dasturiga ko’ra, ortib qolgan harbiy uskuna va qurol-aslaha ariza bergan mahalliy huquq-tartibot organlariga uzatilishi mumkin.

“Biz uskuna va jihozlarni majburan tarqatmaymiz. Bu ortiqcha mulk, fuqarolarimiz uning uchun soliq to’lagan. Agar huquq-tartibot organlari unga muhtoj bo’lsa va olishga haqli bo’lsa, ularga bu narsalarni uzatamiz,” - deydi Kirbi.

Samolyotlardan tortib qurol va harbiy etiklargacha – hammasini internetdan topish mumkin. Ariza ham onlayn to’ldiriladi. Pentagon rasmiylariga ko’ra, Ferguson va Sent-Luis shaharlariga oltita to’pponcha, 12 ta miltiq, bomba zararsizlantiradigan robot, uchta vertolyot va yettita zirhli transport berilgan.

“Bu Ferguson va Sent-Luis politsiyasi ishlatadigan jihozlar emas”, - deydi xalqaro politsiya faoliyati bo’yicha mutaxassis Jeyson Fritz.

Sobiq harbiyning bildirishicha, Mudofaa vazirligi va Ichki xavfsizlik vazirligi mahalliy huquq-tartibot organlariga yuzlab million dollarlik asbob-uskuna va qurol-aslaha uzatadi. Ammo bu qurollardan foydalanishni o’rgatmaydi. Bu – mas’uliyatsizlik, deydi Fritz.

“Bu juda xavfli va amaliyotimizga qarshi. Bunday qurol-aslahani berib, so’ngra ikki-uch hafta davomida politsiyachilarga undan foydalanishni o’rgatish ham kamlik qiladi. “Mana senga qurol, uni mana bunday ishlatasan” deyishdan ko’ra uni qanday vaziyatlarda qo’llash mumkinligi, nima sababdan aynan shu turdagi qurol berilayotgani, u yoki bu politsiya boshqarmasi ishlaydigan mahallalarda bunday qurol turlarini ishlatish maqsadga muvofiq yoki muvofiq emasligini tushuntiradigan trening dastur kerak,” - deydi Fritz.

Pentagon rasmiysi Kirbining aytishicha, Mudofaa vazirligi mahalliy politsiyaning bu qurollardan qanday foydalanishi uchun javob bermaydi.

“Biz qonun chiqarmaymiz. Buyruq ham bermaymiz. Qurolni ishlatish qoidalarini ham belgilamaymiz,” - deydi u.

Barchaning e’tibori Fergusonda ekan, odamlar bir narsani yodda tutishi zarur. Politsiyachilar bu dastur fuqarolar hayotini saqlab qolayotganini aytmoqda, deydi Kirbi.

“Dastur mas’uliyatsizlik bilan, hech qanday hisobot bermay olib boriladi degan fikr shakllanmasin deyman. Chunki bu noto’g’ri,” - deydi u.

Mudofaa vaziri Chak Xeygl Kongress tasdiqlagan programmani o’rganib chiqmoda. Ammo hozircha uni rasman qayta ko’rib chiqishni buyurmadi.

Kongress a’zosi, Sent-Luis vakili Uilyam Kley bu masalani Pentagon rahbari bilan muhokama qilishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG