Breaking News

AQShda yashovchi imom Turkiyadagi voqealarga aloqadormi?


1990-yillarda Turkiyaning dunyoviy tuzumini ag’darishda ayblangan imom Fathulla Gulen o’z vatanida hamon katta nufuzga ega. 72 yoshli arbob hozirda AQShning Pensilvaniya shtatida yashaydi.
Fathulla Gulen Turkiyadagi voqealarga aloqadormi?/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:07 0:00
Yuklab oling

Uning tarafdorlari va Turkiyaning amaldagi hukumati o’rtasida kurash ketayotgani aytiladi. “Amerika Ovozi” yaqinda Pensilvaniyaga, Gulenning qarorgohiga safar qildi.

“Janob Gulen bugungi kunda mana shu uyda turadi”, - deya bizga yo’l ko’rsatadi Alp Aslandog’an, uning yordamchisi va so’zlovchisi. Imom intervyu bermaydi. Turkiyadan uning uyiga tashrif buyuradigan mehmonlarni ham suratga olishga ruxsat yo’q.

“G’arb axborot vositalari bilan gaplashishga kelganda u juda ehtiyotkor. Chunki Turkiyada, afsuski, gap-so’z tarqatishni yaxshi ko’rishadi”, - deydi Aslandog’an.

Ommaviy namoyishlar va korrupsiya bilan bog’liq tekshiruvlar bilan yuzlashib turgan Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog’an barchasida AQSh, Isroil va Fathulla Gulenning tarafdorlarini ayblaydi. Adliya va politsiya tizimida uning izdoshlari ko’pchilik ekani aytiladi.

“Xalqaro kuchlar bizning hukumatga qarshi fitna uyushtirgan, bizni badnom qilishga harakat qilishyapti”, - dedi Erdog’an yaqinda qilgan nutqida.
Fathulla Gulenning Pensilvaniyadagi qarorgohi
Fathulla Gulenning Pensilvaniyadagi qarorgohi

Bosh vazir so’nggi mojarolar ortida Fathulla Gulen turganiga ishora qilib, maqsad meni hokimiyatdan ag’darish, deydi. Gulen 1999-yildan buyon Pensilvaniyaning bahavo bir go’shasida yashab kelmoqda.

Bu joylar bir paytlar amerikalik turk bolalari uchun oromgoh edi. Bugun Gulenning xutbalari yozilib, shu yerdan “YouTube” ga qo’yiladi. Turkiyadagi voqealarga aloqam yo’q, deydi u.

Alp Aslandog’an Gulenni Amerikada tenglik va erkinlik kuychisi Martin Lyuter King bilan qiyoslaydi. Uning aytishicha, Fathulla Gulen ham King singari Turkiyada barcha fuqarolar uchun imkoniyatlar teng bo’lsin degan, o’z ma’ruzalarida tarafdorlarini ilm olishga da’vat etgan. U boshlagan “Xizmat” harakati ko’plab davlatlarga tarqalgan.

AQSh va boshqa mamlakatlarda Gulenga qarashli ilm dargohlari va xayriya tashkilotlari ko’p. Aslandog’an ularning birini boshqaradi.

“Harakat asoslaridan biri shuki, agar muayyan tamoyillar bo’yicha fikrimiz bir joydan chiqsa, hamkorlik sari yo’l ochiladi. Siz va men tamoman boshqa yo’nalishdan kelgan bo’lsak ham”, - deya tushuntiradi u.
AQSh va boshqa mamlakatlarda Gulenga qarashli ilm dargohlari va xayriya tashkilotlari ko’p.
AQSh va boshqa mamlakatlarda Gulenga qarashli ilm dargohlari va xayriya tashkilotlari ko’p.

Professor Joshua Xendrik AQShdagi Loyola universitetida dars beradi. Turkiyaning ichki va tashqi siyosati bo’yicha mutaxassis. Uning aytishicha, gulenchilarning xorijdagi faoliyatidan bir maqsad aynan Turkiyadagi jarayonlarga ta’sir etish.

“Sizni ikkinchi hokimiyat deb tanqid qilishayotgan bo’lishsa, respublikani islomiylashtirishga harakat qilayotgan fitnachi deb qoralayotgan bo’lishsa, bunga eng yaxshi javob - AQShning Olbrayt va Klinton kabi nufuzli arboblarini o’z nomingizdan gapirtirish”, - deydi olim.

Sobiq davlat kotibasi Madlen Olbrayt va sobiq prezident Bill Klinton Gulen tashkilotlari homiyligida o’tgan tadbirlarda qatnashib, uning tinchlik va bag’rikenglik haqidagi g’oyalarini olqishlagan.

Gulenning Pensilvaniyadagi uyi yaqinidagi bir restoranga kirib, uning egasidan Fathulla Gulen haqida eshitganmisiz, deb so’raymiz.

“Yo’q, eshitmaganman. Bu ism menga notanish”, - deydi Joys Makgerri.

Tadbirkor bu yerda o’tgan bir namoyishni eslaydi. O’shanda odamlarga tarqatilgan broshyuralarda “Gulen ekstremist” deb yozilgan.

Uzoq Turkiyadagi achchiq siyosiy bahslar Amerikada boshpana topgan imomga hamon tinchlik bermaydi, deydi uning tarafdorlari.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG