Aydaxo shtatining Tvin Folls shahrida bir tashabbuskor guruh aholini qochqinlarni qabul qilmaslikka va bu yerda faoliyat yuritayotgan qochqinlar markazini yopishga da’vat etmoqda.
Ushbu tashabbus bilan chiqqan Rik Martin “Qochqinlar kelishiga chek qo’yaylik. Chaqiriqni imzolang” deb yozilgan plakat ko’tarib Tvin Folls ko’chalarida yuribdi.
Uning oldida to’xtayotgan mashinalar kam emas.
“Da’vatimga qo’l qo’yib, xalq qochqinlar markazi xususida fikr bildirsin”, - deydi Martin.
Jeff va Joys Devi hujjatni jon deb imzoladi.
“Mamlakatda shundoq ham muammolar talay. Boshqalarni olib kelishdan oldin o’z xalqimiz g’amini yeyish kerak,” - deydi Jeff.
Rafiqasi unga jo’r bo’ladi. “Odamlar qochqinlar markazining yopilishi uchun ovoz beradi deb umid qilaman”, - deydi Joys.
Agar masala ovozga qo’yilsa, Tvin Follsdagi qochqinlar markazi haqiqatan ham yopilishi mumkin.
Rik Martin - respublikachi. Suriyaliklar bu hududga ko’chib kelishini eshitib, noroziligini amaliy yo’l bilan ifodalashga jazm qildi – petitsiya tashabbusi bilan chiqdi.
“Qochqinlarni qabul qilish dasturi bahonasida isyonchilar va “Islomiy davlat” jangarilari mamlakatga kirib keladi. Bu yer Parij va San-Bernardinoga aylanadi degan qo’rquv bor odamlar orasida”, - deydi Martin.
Parijdagi xurujlar bo’yicha tergov ishi hali davom etmoqda. San-Bernardinodagi otishmani uyushtirganlar esa qochqin bo’lmagan. Shunga qaramay, bu hujumlar Martin kampaniyasi tarafdorlarini ko’paytirdi.
Qochqinlar soliq to’lovchi amerikaliklar uchun qo’shimcha yuk bo’ladi, deydi Martin. Bundan tashqari, suriyaliklarning ko’payishi, uning fikricha, Amerika qiyofasini o’zgartiradi.
“Ular Amerikani Yaqin Sharqqa aylantirmoqchi”, - deydi u.
Ammo Aydaxoda bu tashabbusga qarshilar ham kam emas.
“Jamoamiz qochqinlar tomonidan biror zarar ko’rmadi. Bizga bu markaz faoliyati ma’qul. Nasroniylikka ko’ra ham boshqalarga yordam berish kerak”, - deydi shtat senatiga Demokratlar partiyasidan nomzod Debora Silver.
Silver 300 odam bilan birgalikda Tvin Follsdagi cherkovda Afrika, Iroq, Eron, Afg’oniston, Butan va Birmadan kelgan qochqinlar uchun Rojdestvo munosabati bilan dasturxon yozdi. Santa Klaus ingliz va arab tillarida ularga murojaat qildi, xush kelibsiz dedi.
Qochqinlarning kelishiga qarshilikka javoban ko’plar markaz uchun pul ajratdi, xayriya berayotganlar ham, ko’ngillilar ham ko’paydi.
Qochqinlar markazi rahbari Zeze Rusama Federal qidiruv byurosi, Davlat departamenti va Ichki xavfsizlik vazirligi qochqinlarni qabul qilishdan oldin ularni har tomonlama tekshirishiga ishonadi.
“Jarayondan o’tgan odamlargina shtatimizga ko’chib kela oladi. Ularning qaysi mamlakatdan ekani muhimmas. Axir hammamiz insonmiz. Qochqinlar AQShga kelib, yangi hayot boshlashga haqli. Amerikaga boshqa mamlakatlardan qochgan odamlar asos solganini unutmaylik”, - deydi Rusama.
Markazni yopish haqidagi petitsiyani aprelgacha 4000 kishi imzolasa, masala kelasi saylovda ovozga qo’yiladi. Martin ikki oy ichida hujjatga 1500 odam qo’l qo’ygan, deydi.