Breaking News

Kongressda Rossiyaga qarshi kuchliroq choralarga chaqiriqlar


AQSh senatorlari Rossiyaga qarshi jazo choralarini kuchaytirish tarafdori
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:49 0:00
Sharqiy Ukrainaning Donetsk va Lugansk viloyatlari referendumda mustaqillik uchun ovoz berib vaziyatni yanada chigallashtirgan bir paytda, Vashington asosiy e’tiborini 25-mayga belgilangan prezidentlik saylovlariga qaratmoqda. Ukrainaning yangi demokratik tajribasini saqlab qolish uchun AQSh Kongressi Rossiyaga qarshi jazo choralarini kuchaytirishga chaqirdi.
Noqonuniy va asossiz ekani haqida tanqidlar ko’p yangraganiga qaramay, sharqiy Ukrainada 11-may kuni referendum o’tkazildi.

Buning ustiga, askarlarini Ukraina chegarasidan olishni va’da qilgan Putin hanuz so’zining ustidan chiqqani yo’q, deydi AQSh Mudofaa vaziri Chak Xeygl.

“Ular harakatlanayotgani yo’q. Askarlar chegarani tark etyapti deb aytgan Putindan so’rash kerak buning sababini”, - deydi Xeygl.

AQSh va NATO tomonidan shu paytgacha e’lon qilingan jazo choralari Moskvaning agressiv siyosatini to’xtatishga ojizlik qilgan ko’rinadi.

“Rossiya o’zini yakkalab qo’yish siyosatini davom ettirmoqda. Rossiyaliklar hozir o’zlarini g’olibdek his qilishlari mumkin. Ammo dunyo faqat qisqa muddatli muvaffaqiyatlardan iborat emas”, - deydi Xeygl.

“Qrimda o’ynalgan o’yinning aynisi endi sharqiy Ukrainada amalga oshirilmoqda. Rossiyaliklar beqarorlik yaratish uchun isyonkorlarni qo’llash uslubidan foydalanmoqda”, - deydi respublikachi senator Kelli Ayot.

Ayotning aytishicha, sanksiyalar Rossiya iqtisodiyotining barcha jabhalariga tatbiq etilishi lozim.

“25-maydagi saylovlarga xalal bermasligi uchun barcha sohalarni qamrab oluvchi jazo choralarini hozirdan e’lon qilish kerak”, - deydi u.

Yana bir respubikachi Lindsi Gremning ta’kidlashicha, Prezident Obama Rossiyaga qarshi sanksiyalarni e’lon qilishda Kongressning qo’llab-quvvatlovini olishi kerak.

“Buni ijro qarori bilan amalga oshirmasdan, prezident Kongressga kelib, har ikki partiya yordamini so’rashi kerak. Bu Putin uchun yanada kuchliroq ogohlantirish bo’ladi. Rossiya iqtsodiyotiga yanada zarar keltirib, hamkorlarimizga kuch-quvvat beradi”, - deydi u.

“Sanksiyalarni qo’llashda yevropaliklarni faolroq bo’lishga ko’proq undashimiz kerak”, - deydi demokrat senator Kris Merfi.

Merfi ham Rossiyaga nisbatan og’irroq jazo choralari qo’llanilishi tarafdori, ammo buni AQSh bir o’zi amalga oshirmasligi kerak, degan fikrda.

“Agar AQSh bir o’zi harakat qilsa, bu bizning xavfsizlik bo’yicha manfaatlarimizga zarar yetkazishi mumkin. Moskvaning hisob-kitobini buzishga AQSh jazolarining o’zi yetarli emas. Balki Putinning yanada agressiv siyosat yuritishiga turtki berishi mumkin”, - deydi u.

Obama ma’muriyati Rossiyaga nisbatan kengroq jazo choralarini qo’llashi haqida ogohlantirib keladi, ammo buni qachon amalga oshirishi mumkinligi haqida aniq ma’lumot bergani yo’q.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG