Breaking News

AQSh: O'zbekistonlik muhojirlar eng ko'p sodir etadigan jinoyatlar


AQSh: Qonunbuzarlikka qo’l urayotgan o’zbekistonliklar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:36 0:00

AQShda doimiy yashayotgan o'zbekistonliklar soni yildan yilga ortib bormoqda. Yangi vatandagi hayot doim ham silliq kechmaydi. Ba'zida ular qonun-qoidalarni buzib mahkamaga yuz tutadilar. Yaqinda o'zbekistonlik immigrantlar tomonidan sodir etilgan ikki jinoiy holat mahalliy matbuot nazariga tushdi. Buning ortidan Amerikadagi o'zbekistonliklar jamiyatida vatandoshlar orasida jinoyatchilik ko'payganidan xavotir oshgan. Aslida vaziyat qanday? Vatandoshlarning jinoyat yo'liga kirib ketishi sabablari nimada?

Nyu-York nashrlarida avgust oyida chiqqan ikki xabar o'zbekistonlik immigrantlar diqqat markazida bo'ldi.

14-avgust kuni “Nyu-York Post” Bruklindagi oziq-ovqat do'konida politsiya tomonidan reyd o'tkazilib, yarim million dollarlik noqonuniy tamaki va spirtli ichimliklar musodara qilinganini yozgan. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda o'qigan vatandoshlar "yana o'zbekistonlikmi" ruhidagi sharhlar qoldirishgan. Sabab - do'kon o'zbekistonlik immigrantlarga tegishli.

Tekshiruv davomida do'konda noqonuniy tamaki va spirtli ichimliklar sotilishi qatorida uning egasi qalbaki ruxsatnomalar asosida savdo qilgani ham fosh bo'lgan.

Oradan bir necha kun o'tgach politsiyachi qiz Sadoqat Maxsudova do’konda o’g’rilik qilgani haqidagi xabar muhokamalarga sabab bo’ldi. O'zbekistonlik immigrantlar vatandoshlari sodir etayotgan jinoyatlar soni oshayotganidan xavotir bildirishmoqda.

“Feysbuk”dagi "Amerikastan" sahifasi hatto so'nggi yillarda o'zbekistonliklarning eng shov-shuvli jinoiy qilmishlarini sanab o'tgan. Ro'yxatda Manxettenda yuk mashinasini odamlar ustiga haydagan va boshqa biri AQSh prezidentini o'ldiraman deya tahdidi ortidan mahkum qilingan terrorchilardan tortib, mast holda mashinasini avariya qilib odamlar umriga zomin bo'lgan jinoyatchilar keltirilgan.

Bruklindagi ta'lim dargohlaridan birida o'qituvchilik qilish qatori, olti yildirki Nyu-York mahkamalarida tarjimonlik qilayotgan Sanjar Babajanov fikricha, xavotirlar asosli.

"Afsuski, bizning mamlakatdan kelgan odamlar hozir ko'proq jinoyat qilishni boshlashgan. Umumiy soni olib qaralsa, o'zbekistonliklar ishtirok etayotgan sud jarayonlari ko'paygan", - deydi u.

Babajanov avvalgi yillar mahkamalardan onda-sonda keladigan qo'ng'iroqlar endi ko'payganini ham qayd etadi.

"To'g'risini aytsam, har gal suddan telefon qilishganda holatim uncha yaxshi bo'lmaydi. Bir tomondan bu ish. Har bitta ish qo'shimcha mablag'. Lekin har doim telefon bo'lganda tushunamanki, vatandoshlarimizdan yana biri muammoga uchragan", - deya tushuntiradi suhbatdoshimiz.

Advokat Farrux Nuridinov uch yildan oshiq davr monaynida vatandoshlar bilan ishlash tajribasiga tayanib, o'zbekistonlik immigrantlar eng ko'p sodir etadigan jinoyatlarni saralagan.

"Birinchi o'rinda bu er-xotin o'rtasidagi bo'ladigan janjallar oqibatida kelib chiqadigan jinoyatlar. Ikkinchi o'rinda o'g'rilik. Aytib o'tishim kerakki, bu asosan mayda o'g'rilik. Uchinchi o'rinda mast holda avtomobilni haydash - bu ham hozir keng tarqalgan jinoyat turi bo'lgan. Yana bitta turi bu jinsiy tajovuz. Bunday jinoyatlar ham ko'p ko'rinib turibti. Chunki Nyu-York qonunlariga ko'ra hatto sevishgan yigit va qiz, hatto er-xotin o'rtasidagi jinsiy munosabatlar tajovuz sifatida tasniflanishi mumkin. Zo'rlash deymiz. Men ba'zi hollarda ayollar o'z eriga ta'sir o'tkazish uchun erim zo'rladi deydigan hollarga ham duch kelyapman. Ularni qamashmoqda. "Zalogi" (kafillik puli) 50-60 ming qilib belgilanyapti. Buning ortidan odamlar qamoqda o'tiryapti", - deydi Nuridinov.

Suhbatdoshlarga ko'ra, bunday jinoiy qilmishlarning aniq sabablari bor.

"O'zbekistonliklar orasida qasddan qilinadigan jinoyatlar juda ham kam. Ko'pincha qonunni bilmaslik, o'zaro insoniy munosabatlarni O'zbekistondagidek qurish", - deya tushuntiradi advokat.

"O'zbekistonda oldindan shunday bo'lgan, hujjatlari bo'lmagan odamlar bozorda savdo qilishgan. Bu yerda ham o'tadi deb o'ylashadi. Chunki bu yerda nazorat unchalik ko'rinmaydi. Lekin nazorat bor. Ular o'ylaydiki, turli idoralar har kuni kelib bizni tekshirmaydi, demak xohlaganimizni qilishimiz mumkin deb. Aslida bunday emas. Chunki bu yerda hamma narsa tartib asosida nazorat qilinadi. Kimdir noqonuniy biznes yuritayotgan bo'lsa, ular albatta jazosini oladi", - deydi Sanjar Babajanov.

Taxminlarga ko'ra, Amerikada o'zbekistonlik muhojirlar soni 200 mingdan oshgan. Sudlarda qatnashib kelayotgan Babajanovga ko’ra, ular orasida AQSh qonunchiligi talablarini anglamaydiganlar ko’p. Aksar takroriy jinoyatlar shundan kelib chiqadi.

Farrux Nuridinov deydiki, vatandoshlarni yangi joyga moslashtirish ishlariga ko’proq e’tibor zarur.

"O'zbekistonliklarni jipslashtirish, ularni Amerika hayotiga qiziqtirish, moslashtirish, ularning o'rganishlari uchun shart-sharoit yaratib berish uchun bizga shunaqa tashkilot juda kerak. O'ylaymanki, shu kabi tashkilot tuzilib o'z faoliyatini olib borsa, o'zbekistonliklarning muammolari ancha kamayadi", - degan fikrda Nuridinov.

Politsiya hisobotlari yoki matbuotda jinoyat sodir etgan shaxsning kelib chiqishi qayerdan ekani hamma vaqt ham tilga olinmaydi. Shuning uchun o'zbekistonliklar Amerikada ko'p jinoyat sodir etadigan jamoa sifatida gavdalanayotgani yanglish tasavvur, deydi Farrux Nuridinov.

"O'zbekistonliklar, O'zbekistondan kelgan odamlar tartib-intizomga rioya qilishadi. Buni biz 90-95 foiz aholi haqida gapirishimiz mumkin. Lekin Bruklinda, umuman Nyu-Yorkda o'zbeklar, o'zbekistonliklarning soni ko'paygani uchun bu noxush voqealar sodir bo'lib turadi. Bundan qochib qutulib bo'lmaydi. Ko'pchilik qonunlarni bilmasdan, ko'pchilik boshqalarning aytgan gapi bilan xatti-harakat qilib qonunbuzarlikka yo'l qo'ymoqda. Shularning ortidan muammolar kelib chiqyapti. Lekin aksariyat xalq qonunga bo'ysunadi, tartib-intizomga rioya qiladi", - deydi u.

Terrorizm bilan bog'liq jinoyatlar bundan mustasno, albatta. Bunday jinoyatlarga Amerikada yashaydigan vatandoshlar aralashganda O'zbekiston bot-bot tilga olinadi.

"To'g'risini aytsam, terrorizmga aralashgan vatandoshlarimiz ko'p emas. Ammo u hamma eshitadigan ish. Shuning uchun bunday voqealar hamma gazetalarda chiqadi. Shuning uchun o'zbekistonliklar bu kabi jinoyatlarni ko'p sodir etadigandek tuyuladi. Aslida unday emas. Bor, lekin ko'p emas".

Avgust oyida vatandoshlar aralashgan har ikki jinoiy holat yuzasidan haqiqatni sud yuzaga chiqaradi va jazoni tayinlaydi. Ammo har ikki holat advokat va tarjimonga ko'ra yagona mujdani beryapti - Amerika jamiyatida hamma narsa ishonch asosida qurilgan, uni suiiste'mol qilish jinoiy javobgarlikka yetaklaydi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG