Breaking News

Islom Karimov prezident sifatida to'rtinchi bor qasamyod qildi


Islom Karimov prezidentlikning yangi muddatiga kirishar ekan, o’z xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, konstitutsiyaga rioya etishga, inson huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga qasamyod qildi.

Islom Karimov prezident sifatida to'rtinchi bor qasamyod qildi/Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:50 0:00

Chet eldagi faollar chorak asrdan buyon hokimiyatda o’tirgan Karimovning qonunchilikka zid ravishda yana saylangani borasida G’arb dunyosi sukut saqlayotganidan norozi.

Qasamyod marosimi Oliy Majlisda ortiqcha tantanasiz, deputatlar va diplomatik korpus vakillari ishtirokida o’tgan.

77 yoshli Islom Karimov mehmonlar oldida qilgan nutqida O’zbekiston xalqiga iqtisodiy farovonlik, demokratik o’zgarishlar, barqarorlik hamda qonun ustuvorligini ta’minlashga va’da berdi.

O’zbekiston konstitutsiyasi bir shaxs ikki muddatdan ortiq prezident bo’lishini taqiqlaydi. Saylovni cheklangan tarzda kuzatgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) aynan shu ziddiyatga e’tibor qaratgan.

Ammo Karimov nomiga xorijdan kelayotgan tabriknomalar bu ziddiyat ahamiyatsiz qolayotganini ko’rsatadi.

Chet eldagi faollar yaqinda tuzgan “Muqobil O’zbekiston” o’z bayonotida ham Karimov qonunga zid ravishda saylovda qatnashgani va bu xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tiborsiz qolganiga e’tibor qaratadi.

“Biz g’ayriqonuniy yo’l bilan yana hokimiyatni egallab olgan Prezident Karimovni qonunlarni oyoqosti qilishiga, g’ayriqonuniy ravishda to’rtinchi bor prezidentlikda qolishiga, buni hatto G’arb davlatlari ham xotirjam qabul qilayotganiga norozilik bildirdik. Nafaqat xotirjam, balki ular Karimovni hokimiyatda qolishini yoqlashayotgandek. E’tibor bersak, masalan, AQSh rasmiylari O’zbekistonda inson huququlariga oid aniq o’zgarishlar bo’lmas ekan, munosabatlar sovuqligicha qoladi deyishgan edi. Bugungi kunda esa ular hokimiyatga kim kelishidan qat’i nazar hamkorlik davom etishi haqida bayonot berishmoqda. AQSh prezidenti Islom Karimovni g’alabasi bilan tabriklab ham bo’ldi”, - deydi kengash faollaridan biri Mo’tabar Tojiboyeva.

Markaziy saylov komissiyasi Karimov 90 foizdan oshiq ovoz olganini e’lon qildi. Unga raqib bo’lgan nomzodlar mag’lubiyatni tan olishgan, biroq ular saylovda nomigagina qatnashgani hammaga ma’lum edi.

O’zbekistonda erkin va haqqoniy bellashuvga yo’l berilmas ekan, chet eldagi o’zbek muxolifati faollari saylovni muqobil tarzda, internet orqali o’tkazdi.

12 nafar nomzod ishtirokida, norasmiy tarzda o’tgan poyganing g’olibi aniqlanmadi. Tashkilot sayti tinimsiz xakerlik hujumlariga uchradi, mustaqil nomzodlar tomonidan soxtaliklarga yo’l qo’yildi.

“O’zbekistondagi saylov tahdidlar bilan kuzatildi, ayniqsa nomzodlarga imzo yig’ish jarayoni, imzo chekishdan bosh tortganlarni ishdan haydash bilan ham qo’rqitishdi. O’zbekistondagi saylovlarni g’ayriqonuniyligini YXHT ham o’z xulosasida ta’kidlab o’tdi. Shuni afsus bilan qayd etish kerakki, soxtakorlik hatto Virtual saylovda qatnashgan ayrim mustaqil nomzodlar tomonidan ham kuzatildi, g’olib aniqlanmadi”, - deydi Mo’tabar Tojiboyeva.

Boshqaruvga 1989-yilda kelgan Islom Karimov hamon O’zbekistonning yagona prezidenti bo’lib qolmoqda. Mustaqillik davrida to’rt bor prezident saylovlari o’tkazildi. Barchasida Karimov nomzod sifatida qatnashdi va har safar 90 foizdan oshiq natija bilan g’alaba qozondi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG