Breaking News

Deputatlar: o’zbek-qozoq o’rtasida tushunmovchilik bo’lmaydi


O’zbekiston-Qozog’iston: Do’stlikka putur yetmasligi kerak
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:00 0:00

O’zbekiston va Qozog’iston deputatlari Sardoba halokati ikki mamlakat munosabatlarini ziddiyatlashtirishi mumkinligidan tashvish bildirishmoqda.

Bu haqda O’zbekiston Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Qozog’iston parlamenti deputati Faxriddin Qoratoyev bilan o’tgan muloqotga tayanib yozmoqda.

Qozog’iston parlamenti a’zosiga ko’ra, halokat ortidan ikki qardosh xalq o’rtasidagi do’stlikni buzishga, ziddiyat qo’zg’ashga qaratilgan chiqishlar ko’paygan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan “do’stlikka putur yetkazish”ni ko’zda tutgan bunday chiqishlarni Qozog’iston parlamentidagi boshqa deputatlar ham qoralashayotgani ta’kidlanadi.

Rasul Kusherbayevning yozishicha, u ko’p millatli O’zbekiston farzandi sifatida ikki o’rtadagi do’stlik va ishonch bardavom bo’lishini istaydi.

“To’g’risi, Sardobadagi holat hammamiz uchun sinov davri bo’ldi. Nega, qanday qilib, kim aybdor? Xullas savollar ko’p. Biroq shaxsan davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev har bir jarayonni nazorat qilib bormoqda va albatta talafot sababiga huquqiy baho beriladi. Ammo bizdagi ishonch, do’stlik va qardoshlik rishtalariga baho berib bo’lmaydi. Chunki uning bahosi tengsiz. Men ota-bobolarim, oilam, o’sayotgan farzandlarim misolida guvoh bo’lganman; o’zbek-qozoq et bilan tirnoq. Bizning eng katta boyligimiz ham shu”, deb yozadi Kusherbayev.

1-may kuni Sirdaryodagi suv omborida yuz bergan o’pirilish O’zbekiston, shuningdek, Qozog’istonga ham jiddiy zarar yetkazdi.

Prezidentlar Mirziyoyev va Qosim-Jo’mart Tokayevning fojia ortidan o‘tkazilgan muloqotida toshqin oqibatlariga qarshi hamkorlik qilish, O’zbekiston tomonining Qozog’istonning suv toshqinidan aziyat chekkan Turkiston viloyatiga ko’mak ko’rsatishi muhokama qilingan edi.

Ayni paytda O’zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillaridan iborat guruh Turkiston viloyatida toshqin oqibatlarini bartaraf etish ishlarida qatnashmoqda.

Qozog’iston bosh vaziri o’rinbosari Roman Sklyar Sardoba suv omboridagi vaziyat bilan tanishish uchun Sirdaryoga kelgan. U o’zbekistonlik hamkasblari bilan toshqin oqibatlari yuzasidan hamkorlik, o’zaro ko’makni muhokama qilgani aytilmoqda.

Prezident Mirziyoyev halokat ortidan qilgan yaqindagi chiqishida toshqin Qozog’istonga ham jiddiy zarar yetkazgani, O’zbekiston Qozog’iston oldida xijolatda ekani, toshqin oqibatlarini bartaraf etish uchun ko’makka hozirligini ta’kidladi.

Qozog’iston zarar miqdorini bir million dollar atrofida baholagan.

Qozog’iston hukumati halokat natijasida uyi buzilganlarga yangi uy qurib berilishi, toshqindan aziyat chekkan har bir fuqaroga 100 ming tangadan tovon puli to’lanishini bildirgan.

Ammo Qozog’iston suv toshqini bois yetkazilgan zarar miqdorini qoplash yuzasidan O’zbekiston bilan muzokara yuritayotgani hozircha ma’lum qilinmagan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG