O’zbekistonda diniy radikal tashkilotlarga aloqadorlik gumoni bilan hibslar davom etmoqda. Mahalliy matbuotning yozishicha, maxsus xizmat “Islomiy davlat” guruhi, jihodchilik tarafdorlari bo'lgan to’dani aniqlagan. Ekstremizmda ayblanayotgan bu odamlar mehnat muhojirligidan qaytgani aytilmoqda. Faollar deydiki, qamalayotganlarning ko’pi O’zbekistonda qidiruvda ekanidan bexabar oddiy fuqarolar.
"12news.uz"ning yozishicha, fosh etilgan guruh Suriyada jang qilayotgan “Jannat oshiqlari” to'dasi bilan bog'liq. “Ozodlik” radiosi Toshkentda 40 dan oshiq fuqaro “Islomiy davlat” guruhiga aloqadorlik aybi bilan qamoqqa olingani, ular ham asosan Rossiyadan qaytgan mehnat muhojirlari ekani haqida xabar beradi.
O'zbekiston Ichki ishlar vazirligi vebsaytida “Hizb-ut tahrir” oqimiga aloqadorlik aybi bilan 16 kishi ushlandi, deb yozilgan. Ko'pi mehnat muhojirligidan qaytgan bu fuqarolar turmush o'rto'qlari, farzandlariga ekstremistik g'oyalarni majburan singdirishda ayblanayotgani aytiladi.
Rossiya, Qozog'iston kabi davlatlarda o'zbekistonlik ishchi migranglar soni bir necha million. So'nggi yillarda ekstremistik guruhlar ham, huquq-tartibot organlari ham ana shu fuqarolarni nishonga olayapti. Faollar buning sababini muhojirlar eng zaif va huquqsiz qatlamligida ko'radi.
“Juda ko'pchilik o'zining qidiruvda ekanini bilmaydi, ular pul ishlash uchun kelgan, biroz ishlagandan so'ng ortga qaytayotgan oddiy odamlar, yuzlab odamlar shu tariqa qamalayapti, yana qanchasi o'g'irlab ketilayapti. Kimdir ishlagani Turkiyaga ketmoqchi bo'ladi, bunaqa holatlar juda ko'p. Hatto bir paytlar O'zbekiston fuqarosi bo'lgan, hozir qo'lida Rossiya pasporti bo'lgan odamlar qo'rqib yurishibdi. Nohaq qamashlar, sudlar davom etayapti, ular o'zlarini imkonsiz ko'rishadi, hatto biz ekstraditsiyadan qutqarib qolgan odamlar ham o'g'rilar yoki turli aldov yo'llari bilan olib ketilayapti”, - deydi Rossiyada mehnat muhojirlari huquqi bilan shug'ullanib kelayotgan faol Bahrom Hamroyev.
Biroz avval O'zbekistonda harbiylar, huquq-tartibot organlari jangovar tayyorgarlik holatiga keltirilgan edi. "Regnum" agentligiga ko'ra, ayni paytda jangovar tayyorgarlik holati bekor qilingan, ammo militsiya kuchaytrilgan tartibda xizmatni davom ettirmoqda.
Faollar O'zbekiston hukumati yana jamoatchilikda terror vahimasini qo'zg'ashdan o'z maqsadlarida foydalana boshlaganini aytmoqda.
“Lekin bundan biron foyda yo'q, chunki tuzumning kuch ishlatishdan boshqa biror chorasi qolmadi, tugadi. Ahvol juda og'ir, hatto ayollar qamalib ketayapti, o'zbek ayollari avval qachon qamoqda o'tirishgan edi? Mustaqillikka erishgandan keyin tuzum uchun o'zbek yoshlari hammasi jinoyatchi bo'lishdimi? Aslida hukumatning o'zi yoshlarning "Islomiy davlat"ga qo'shilishiga juda katta hissa qo'shdi. Ularni xonavayron bo'lishga olib keldi”, - deydi Hamroyev.
Bugun O'zbekiston Islomiy Harakati, “Islomiy davlat” guruhi, boshqa ekstremistik guruhlarga qo'shilayotgan o'zbekistonliklar asosan imkonsizlikda qolgan mehnat muhojirlari ekani haqida umumiy ta'rif beriladi.
O'zbekistonda mehnat muhojirlariga nisbatan yuzaga kelayotgan bu qarash, qidiruv e'lon qilish, asossiz hibslar va tazyiqlar radikallikka tortilayotganlar sonining yanada ko'payishiga xizmat qilishi aytilmoqda.