O'zbekiston "Human Rights Watch" inson huquqlari tashkiloti bilan hamkorlikka tayyor. Bu haqda Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bayonot bergan.
Toshkentda uyushtirilgan bevosita muloqot davomida Komilov siyosiy mahbuslar taqdiri haqida ham gapirgan. Hukumat O'zbekistonga qaytishni istayotgan xalqaro tashkilotlar, jumladan axborot vositalari bilan ham hamkorlikka shay ekanini aytgan.
Tashqi ishlar vaziri fuqarolarni qiziqtirgan savollarga javob berish bilan birga O`zbekistonning siyosiy pozitsiyasini ham tushuntirga uringan.
Muloqotda mamlakatdagi siyosiy mahbuslarga oid savol ham o'qib eshittirildi.
Komilovga ko'ra, O'zbekistonda siyosiy motivlar bilan qamalgan fuqarolar yo'q. Ammo, deydi u, ayrim guruhlar tomonidan siyosiy mahbuslar sifatida taqdim etilayotgan odamlar bor. Ularning ayrimlari xalqaro jamoatchilik talabiga binoan emas, boshqa sabablarga ko'ra ozod etilgan va boshqalar ham shu tartibda ozodlikka chiqishi mumkin, deydi vazir.
“Bu muammo bor, ya'ni ko'plar muammoni shunday taqdim etishmoqda. Haqiqatda esa ular (siyosiy mahbuslar) tegishli tarzda tergov surishtiruv jarayonidan o'tishgan. Sud hukmiga ko'ra jazoga tortilgan. Bu hukmlar siyosiy sabablarga ko'ra qabul qilinmagan. Turli huquq tashkilotlari o'rtasida tarqatilgan ro'yxat bor. Ro'yxatdagilarni go'yo siyosiy mahbuslar, deb taqdim etishmoqda. Aslida, ularning (ro'yxatdagilarning) jinoyatlari bo'yicha bir necha bor ma'lumotlar taqdim etganmiz. Shunga qaramasdan bizda qonun qoidalar bor, shu tufayli ro'yxatdagilarning bir nechtasi ozodlikka chiqarildi. Bunday ro'yxat AQSh Kongressini, "Human Rights Watch" va boshqa huquq tashkilotlarini ham kezib yuribdi. Albatta biz buni (siyosiy mahbuslarni ozodlikka chiqarishni) davom ettiramiz. Ta'kidlamoqchi edimki, bu kampaniya uchun emas, balki ularning sog'lig'i, yoshi, amnistiya kabi sabablardan kelib chiqib qilinmoqda”, - dedi Komilov.
Vazir deydiki, O'zbekiston bu masalada ochiq, ammo muammoni umumlashtirmaslik kerak.
“Jurnalistlar ushlandi, siyosiy sabablarga ko'ra hisbga olindi, deyish kerak emas. Gap bir aniq shaxs haqida ketayaptimi, Ichki ishlar vazirligi, prokuratura, biz ham bu haqda ma'lumot taqdim etamiz”, - deydi Komilov.
Yaqinda Toshkentda bo'lgan BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Ziyod Raad al-Husayn ham siyosiy mahbuslar ozod etilganiga diqqat qaratgan.
“Janob Husayn ham tashrifi chog'ida so'nggi paytda ular tomonidan siyosiy mahbuslar qatoriga qo'shilgan bir guruh kishilar ozodlikka chiqarilganini ta'kidlab o'tdi. Ammo ular kimlarningdir tomonidan siyosiy mahbus sifatida e'tirof etilayotgani yoki qandaydir hurmatli ro'yxatda turgani uchun emas, men yuqorida ta'kidlab o'tgan sabablarga tufayli ozod etilgan”, - dedi Komilov.
Siyosiy mahbuslar ro'yxatini "Human Rights Watch" tuzgan va bu tashkilot 2010-yilda mamlakatdan haydalgan. Uning vakili Stiv Sverdlov chiqarib yuborilgach, bu huquqshunos Qirg'izistondan turib, O'zbekistondagi vaziyatni kuzatib, o'rganib keladi. Yillik hisobotlar va muntazam bayonotlar taqdim etadi.
Tashqi ishlar vazirining tan olishicha, bu organ bilan hamkorlik bir necha yillar avval uzilgan.
“Ammo, bu degani O'zbekiston ular bilan hamkorlik qilishni istamaydi degani emas. Ular qaytishi mumkin, shu jumladan "Human Rights Watch" ham. Biz tashkilotning rahbaridan xat oldik, unda Stiv Sverdlov yetakchiligidagi kichik bir guruhning O'zbekistonga kelishi uchun ruxsat so'raladi. Biz ularni qabul qilishga tayyormiz. Faqat, aytmoqchimanki, bu kabi tashkilotlar bilan hamkorligimiz o'zaro hurmat asosida bo'lishi kerak. Bizning ichki ishlarimizga arlashishni nazarda tutmasligi lozim. Urf-odatlarimiz hurmat qilinishi kerak, mexanik usulda umumiy qadriyatlarni bir makondan olib, boshqasiga ko'chirish mumkin emas”, - dedi Komilov.
Vazir xorijiy axborot vositalarining O'zbekistonga qaytishi yuzasidan berilgan savolga ham javob berdi. Hukumat bu masalada ham hamkorlikka tayyor ekanini aytdi.
Bugun BBC O'zbek xizmati Toshkentda o'z byurosini ochishni rejalayotgani va muxbir izlayotganini e'lon qildi.
Facebook Forum