Breaking News

Qobil Dusov "Milliy Tiklanish" partiyasi safidan haydaldi


“Milliy tiklanish” partiyasi deputat Qobil Dusovni partiya safidan va dekabr oyida kutilayotgan saylovdagi nomzodlar ro'yxatidan chiqargan. Bungacha ro’mol muammosini ko’targan deputat partiya tomonidan parlamentga chaqirtirilib, ogohlantirilgan edi.

Deputat Qobil Dusov partiya safidan chiqarildi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:23 0:00

Qobil Dusov jamoatchilikka Xitoydagi mazlum uyg’urlar himoyasi uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga qilgan murojaati va ayollarga doir bahsli bayonotlari bilan tanilgan. Partiya qarori arafasida ijtimoiy tarmoqlarda Dusov va mahalla aholisi o’rtasida yuz bergan mojaro videosi tarqalgan. Dusovning o’zi ijtimoiy muammolarni ko’tarishi ortidan bosim va provokatsiya nishoniga aylanganini aytmoqda.

“Milliy tiklanish” partiyasining mahalliy kengash deputati Qobil Dusov bilan bog’liq vaziyat yuzasidan tarqatgan bayonotiga ko’ra, Dusov ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarida partiyaning maqsad va vazifalariga, obro’siga putur yetkazuvchi axborotlar tarqatgan.

Markaziy kengash Dusov mahalliy kengash saylovlari uchun ko’rsatiladigan nomzodlar tarkibidan chiqarilganini ma’lum qilgan.

Bu bayonot Qobil Dusovning ijtimoiy tarmoqlarda “Milliy tiklanish” partiyasidagi ichki muhitni, partiya raisi Alisher Qodirovni tanqidga olishi ortidan kuzatilmoqda.

Bu qaror arafasida deputatning mahalliy aholi bilan tortishayotgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Toshkentdagi ofisiga alohida yo’lak ochishni maqsad qilgan Dusov mahalladagi aholi qarshiligiga uchraydi.

Poytaxtdagi “Aviashaharcha” mahallasida yuz bergan bu mojaro yoritilishiga televideniye ham qo’shiladi. Videoda deputatning jurnalist bilan tortishayotgani, muxbirga “jurnalistmisiz yoki g’iybatchimisiz?” deb murojaat qilayotgani ham aks etgan.

Qobil Dusov deputat sifatida ijtimoiy muammolarni ko’tarishi ortidan bosim va provokatsiyagaga uchrayotganini aytadi. Jurnalistga nisbatan qo’pol munosabatini esa shunday izohlaydi:

“Bu voqea buyurtma asosida bo’lgani aniq ko’rinib turibdi. Jurnalist chaqirdi, men 50-60 chaqirim uzoqda edim shahardan. Biz hammadan intervyu oldik, sizni kutyapmiz, muhim, dedi. Men ularga ofisga kirib hujjatlar bilan tanishishni taklif qildim, ular rad etishdi. Keyin siz meni qoralash uchun keldingizmi yoki masalaning mohiyatini bilish uchunmi, deb aytdim. Bir qiz bola ekan, har xil gaplar bilan asabiylashishga majbur qildi. Men uni hujjatlar bilan tanishish uchun ofisga taklif qilyapman, u rad etdi. Sen kimsan shart qo’yasan, g’iybatchimisan, jurnalistmisan, xolis bo’l deb aytdim, lekin xolis bo’l degan joyini qirqib tashlagan”.

“Milliy tiklanish” o'z bayonotida mahalladagi mojaroga munosabat bildirmagan. E’tiroz deputatning o’z chiqishida partiya raisi Alisher Qodirovga bo’hton qilgani, partiyani obro’sizlantirganiga qaratilgan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishida Qobil Dusovning “Milliy tiklanish” partiyasidagi ichki muhit o’ta yomonligi, partiya faollari o’z fikrini erkin bildirishdan mahrum qilingani, Qodirov o’ziga yoqmagan faollarni turli yo’llar bilan ishdan chetlatayotganiga doir iddaolari mavjud.

Dusovga ko’ra, partiya bilan ziddiyat uning ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari, xususan ro’mol muammosini ko’tarishidan so’ng boshlangan. Buning ortidan u parlamentga chaqirilgan, partiyaning parlamentdagi deputati tomonidan ogohlantirilgan.

“Parlamentga chaqirishdi, parlament hovlisida uchrashdik. Alisher Qodirov parlament deputatini oldimga tushirdi, u yerda shu masala ko’tarildi, tinch yur, ro’mol masalasini ko’tarma, dedi. Men qanday ko’tarmayman, meni qizimni, ayolimni, onamni yoki mayli boshqa bir tanimagan muslima ayolni ro’molini yechsa. Men birovni sha’niga tahdidlar bo’lsa, ko’zimni yumib o’tib ketadigan odam emasman. Bu masalaning bir tomoni. Ikkinchidan, agar ertaga shim kiyib yurgan qizlardan ham shimingni yechib uzunroq kiy deb talab qo’yilsa, men ularni ham himoya qilishni o’z burchim deb bilaman. Qonun ustun bolishi kerak. Men buning ortida biror hukumat idorasi emas, partiya o’zi turibdi deb bilaman, chunki ko’z bilan ko’rib, quloq bilan eshitgan gapga ishonish kerak. Ikki marta seni ogohlantirdik, uchinchisi bo’lmasligi mumkin deyishdi. Men mayli, bo‘lmasa bo’lmas, dedim”, - deydi Dusov.

Hijobga qo’yilgan taqiq O’zbekiston jamoatchiligidagi eng og’riqli muammolardan sanaladi. Konstitutsiya e’tiqod erkinligini kafolatlaydi, ammo hozirgacha Oliy Majlis ham, qonunchilik palatasi deputatlari ham mavjud taqiq yuzasidan biror izoh bermagan. Mahalliy kengash deputati Dusov bu sukut soyasida istisno sifatida ko’rinib kelayotgan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG