AQSh Prezidenti Barak Obama Vyetnamga safarini davom ettirayapti. Iqtisodiy taraqqiyot, inson huquqlari va boshqa mavzularda muhokamalar bo’lmoqda.
Olti nafar mahalliy huquq faoli bilan uchrashgan Obamaning aytishicha, mamlakatda siyosiy erkinlik bobida talaygina muammolar bor.
Inson huquqlari yaxshilansagina, iqtisodiy taraqqiyot uchun zamin yaratiladi, dedi u.
"Zamonaviy iqtisodiyot davrida inson salohiyatiga yo’l ochmasdan turib farovonlikka erishib bo’lmaydi. Buning uchun esa odamlarga o’z fikrlarini erkin ifoda etishga imkon berish lozim. Vyetnam hukumati ana shu yo’ldan ketishiga umidvorman", - dedi Obama.
AQSh rahbari poytaxt Xanoydagi Milliy majlislar markazida ikki mingdan ziyod odam qarshisida nutq so’zladi.
"Matbuot erkinligi ta’minlansa, jurnalistlar va bloggerlar hukumat rasmiylarining adolatsizlik va o’z lavozimini suiiste’mol qilish holatlarini fosh etish imkoniyatiga ega bo’lsa, xalqda hukumatga ishonch bo’ladi. Davlat lavozimlariga da’vo qilayotgan nomzodlar saylovlarda erkin ishtirok etsa, jarayon halol bo’lsa, mamlakat ancha barqaror, o’zgarishlar tinch bo’ladi, chunki fuqarolar ovozlari hisobga olinganini biladi”, - dedi Obama o’z nutqida.