Breaking News

Vyetnamga qo'yilgan qurol embargosi olib tashlanadi, Rossiya hayron


Prezident Obama Vyetnamga safari chog'ida. 23-may, 2016-yil.
Prezident Obama Vyetnamga safari chog'ida. 23-may, 2016-yil.

Prezident Obama Vyetnamga qo'yilgan bir necha o'n yillik qurol embargosini olib tashlamoqchi. Bu xabarni Xitoy va Rossiya taajub bilan qarshi olgan.

Rossiya uzoq yillardan beri Xanoyni qurol bilan ta'minlaydi. Lekin Vyetnamning bozori ochilar, Amerika qurol savdogarlari bu bozorga kirar ekan, Rossiya ustuvorlikni boy berishi mumkin.

"Sekin-asta ro'y beradigan jarayon bu", - deydi Aleksandr Gabuyev, Moskvadagi Karnegi markazi olimi. "Bozorda raqobat kuchayadi albatta. Lekin Vyetnam harbiylari Rossiya ishlab chiqaruvchilari bilan uzoq paytdan beri hamkorlik qiladi, ularning mashqidan o'tadi. Amerika hukumati haqiqatda AQShning harbiy sistemasini Vyetnamga sota boshlaydimi, gap ana shunda", - deydi u.

"O'rtada savdo-sotiq birdan jonlanishini kutmagan bo'lar edim, chunki qurol sohasida eski odat-qoidalar sekin o'zgaradi", - deydi Anton Svetov, Rossiya xalqaro aloqalar kengashi olimi. "Moskva Vyetnam bozorida, xususan, jangovar samolyotlar, jangovar kemalar va raketa mudofaa tizimi bobida hali ancha vaqt ustunlikni saqlab qoladi. Lekin Amerika, deylik, dengiz kuzatuv tizimi kabi sohalarga kirib borishi mumkin", - deydi u.

Xitoy regionda talash Janubiy Xitoy dengizida harbiy salohiyatini oshirayotgan bir paytda Vyetnam ham harbiy dengiz kuchlarini mustahkamlash harakatiga tushgan. Joriy yilning oxirigacha Moskva Vyetnamga olti dona submarina eltib berishni rejalamoqda.

Svetov nazarida so'nggi xabar ortidan Kreml Xanoy bilan hamkorlikni yanada oshirishga kirishishi hech gapmas. Rossiya Amerika bilan qurol sohasida raqobat qilish istiqbolidan xursand emas, deydi u.

Vyetnam Bosh vaziri Nguyen Suan Fuk o'tgan hafta Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan Moskvada va Sochida Osiyo Tinch okeani davlatlari sammitida ko'rishgan edi. "Xanoy Rossiyadan yuz o'girmayotganini namoyish qilishi aniq. Lekin tashqi siyosat bobida muvozanatni saqlashga urinishini tushunish mumkin", - deydi Svetov. Janob Fuk Moskvaga borishidan maqsad ham Xanoyning Kreml bilan ittifoqchilikni qadrlashini ko'rsatish edi, deydi u.

Rossiya-ASEAN sammiti Moskvaning Xitoy sharq tomon yuz o'girishiga ishora sifatida ham ko'riladi.

Xanoyning xavotiri shuki, Janubiy Xitoy dengizi tortishuvi bobida Rossiya Pekinga yon bosmoqda. Ya'ni Moskva kelishmovchilikka xalqaro hamjamiyatni aralashtirmaslik, regiondagi davlatlarga qo'yib berish kerak, deyayotganday. Hozircha Moskva biror tarafga yon bosmayapti.

Gabuyev so'zlariga ko'ra, Xitoy tushunadiki, Rossiyadan talab qilsa, Moskva Pekinni yoqlashi aniq. Lekin u holda Xanoy Yaponiya va Amerikaga butunlay o'girilishi muqarrar. Xitoy buni xohlamaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG