Breaking News

Ekspert: AQShda ovoz berish tizimi mustahkam


Ogayo shtatidagi ovoz berish markazlari
Ogayo shtatidagi ovoz berish markazlari

Amerikada prezidentlikka nomzod Donald Tramp 8-noyabrda o’tadigan saylovda yutqazsa, natijani tan olmasligi mumkin. Chunki, deydi u, jarayon adolatli o’tmasligi mumkin. Qanday qilib?

Tramp deydiki, ko’plab shaharlarda ovoz berish uchastkalari unga qarshi g’irromliklar qilishi ehtimoli bor. Nomzod fikricha bu joylarda uni yoqtirishmaydi.

2012-yilda olib borilgan tekshiruvlarda, deya misol keltiradi Tramp, AQSh saylov tizimida jiddiy nuqsonlar aniqlangan. Ikki millionga yaqin saylovchi o’lib ketgan bo’lsa ham ro’yxatda bo’lgan.

Biroq tekshiruvlar bu odamlar nomidan hech kim ovoz bermaganini ham ko’rsatgan.

Amerika bo’ylab sakkiz mingdan oshiq ovoz berish hududi bor. Ularni boshqaruvchi odamlar xalq tomonidan saylanadi. Ularning asosiy vazifasi saylovchilarning ro’yxatini vaqtida yangilab turish hamda jarayon demokratik o’tishini ta’minlash, ya’ni oshkora, adolatli va qonunga muvofiq holda.

Respublikachilar saylovga bir necha kun qolganida sistema noxolis deya ayblab chiqayotgani huquqshunos va siyosatshunoslarda savollar uyg’otmoqda.

Kentuki universiteti professori Josh Duglas saylov qonunlari va ovoz berish huquqi bo’yicha yetakchi mutaxassis. O’lgan odamning nomidan ovoz berish nafaqat federal jinoyat, deydi u, balki bunday qilishning iloji ham yo’q.

“Avvalo o’lgan odam kimligini bilishingiz kerak. Unga tegishli hujjat bilan borgan taqdiringizda ham tekshirishadi va o’tkazishmaydi. Shtatlarda hujjatlar qattiq ko’zdan kechiriladi. Har bir shaxs ovoz berishdan oldin imzo chekadi”, - deydi Duglas. Imzolar to’g’ri kelmasligi aniq. Suratlardagi farq, jins va boshqa jihatlar ham to’siq.

O’tgan 12 yil davomida boshqalar nomidan ovoz berishga urinish hollari 31 marta kuzatilgan, deydi mutaxassis. Ularning birortasi ham saylov natijasiga ta’sir qilmagan.

Tramp fikricha noqonuniy muhojirlar qing’ir yo’llar orqali ovoz berishga harakat qilishi mumkin.

Professor Duglas nazarida buning ehtimoli juda past.

“Har qanday sistemada xatolar uchraydi. Hujjatsiz muhojirlar saylovchilar ro’yxatiga tushib qolishi mumkinmi? Ha, mumkin. Lekin ro’yxatda bo’lsa, bu odam ovoz beradi degani emas. Biror shtatda noqonuniy immigrantlar saylov kuni ovoz berishga borgani kuzatilmagan”.

Bir saylovchi bir necha bor ovoz berishi ham mumkin emas. Jarayon yaqindan kuzatiladi, ham odamlar orqali, ham texnologiya yordamida.

Saylov markazida ishlayotganlar ba’zi kamchiliklarni sezmay qolishi yoki ko’rmasligi mumkin. Lekin har bir xodim qonun oldida javobgar.

Xakerlar saylovda muammo tug’dirishi mumkinmi?

Ovoz berish mashinalari va hisoblash sistemasi internetga ulanmagan. Bu degani xorijdan turib tizimni buzish qiyin. Aksariyat shtatlarda odamlar ham qog’ozda, ham kompyuterda ovoz beradi.

“Deyarli har bir shtatda saylov qonunlari xavfsizlik va xolislikni ta’minlash uchun qator talablar qo’yadi. Amerikada demokratik sistema pishiq va muammolar uchragan taqdirda uni darhol bartaraf etish mexanizmi bor”, - deydi professor Duglas.

Jarayonni har bir shtatning davlat kotibi boshqaradi. Uning qo’lida bir necha huquqshunoslar va xavfsizlik xodimlari ishlaydi. 50 shtatning 31 tasida gubernator respublikachidir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG