Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan urushni yakunlashga yordam beruvchi rejasi borligini va uni AQSh rahbari Jo Baydenga taqdim etishini bildirdi.
"Rejaning bir qismini Kursk oblastida amalga oshirdik. Ikkinchi qismi Ukrainaning dunyo xavfsizlik infratuzilmasidagi strategik o’rni bilan bog’liq. Uchinchi qismi bosimdan iborat. Rossiyani urushni diplomatik yo’l bilan yakunlashga majburlovchi kuchli paket. To’rtinchi qismi iqtisodiy”, - dedi Zelenskiy.
Unga ko’ra, mojaro oxir-oqibat muloqot bilan tugaydi, ammo Kiyev buning uchun kuchli pozitsiyada bo’lishi kerak.
Zelenskiy kelasi oy BMT Bosh Assambleyasining Nyu-Yorkda bo’ladigan yillik sessiyasida qatnashish rejasini, Bayden va AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris hamda respublikachilardan prezidentlikka nomzod Donald Tramp bilan uchrashmoqchi ekanini bildirdi.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiyaning Ukraina bilan muzokara qilish niyati yo’qligini, buning uchun sharoit mavjud emasligini, maxsus harbiy amaliyot davom etishini aytdi.
Rossiya Ukrainaning muhim energetika infratuziImasi va harbiy inshootlariga jiddiy zarba berishda, Donetsk viloyatida aholi punktlarini birin-ketin ishg’ol etishda davom etmoqda.
Xususan dushanba kuni Ukrainaga 200 tadan ortiq raketa va dron yog’dirildi. Ukraina Bosh vaziri Denis Shmigal hujumlardan kamida 15 ta oblast zarar ko’rganini ma’lum qildi.
“Energetika sektorida ahvol qiyinligicha qolmoqda. Rossiya elektr quvvatini taqsimlash va uzatish tizimlariga hujum qildi. Ammo mutaxassislarimiz qanday ta’mirlashni yaxshi biladi. Hozir 2022-yildagi ayanchli holatda emasmiz”, - deydi tahlilchi Gennadiy Ryabsev.
Jitomir kabi shaharlarda suv ta’minotida uzilish hosil bo’lgan.
“Bir necha raketa energetika infratuzilmasiga tegdi, butunlay chiroqsiz qoldik. Suv olish uchun generatorlarni yoqishga majbur bo’ldik. Aholiga kuniga 2-3 marta 2-3 soatga suv berishga to’g’ri keldi. Vaziyat yaxshilandi, ammo elektr quvvati kam”, - deydi shahar meri Sergey Suxomlin.
Rossiya hujumlari poyezd qatnoviga ham ta’sir qildi.
Bu o’rtada rus qo’shinlari Donetsk viloyatining Konstantinovka qishlog’ini qo’lga kiritdi, undan 47 kilometr narida joylashgan va strategik hisoblangan Pokrovsk shahriga yaqinlashmoqda. Aholi shahardan evakuatsiya qilinmoqda.
Ukraina armiyasi Pokrovskga yetaklovchi yo’ldan Chasov Yar va Konstantinovka shaharlaridagi qo’shinlarini qurol-yarog’, askar va oziq-ovqat bilan ta’minlash maqsadida foydalanadi.
Hududda muhim ko’mir koni ham joylashgan.
Rus matbuoti Pokrovskni “Donetsk darvozasi” deb ataydi.
"Pokrovsk frontida vaziyat nisbatan og’ir. Dushman son, qurol va harbiy texnika jihatdan ustunligidan foydalanyapti, artilleriya va aviatsiyani faol ishga solyapti”, - deydi Ukraina qurolli kuchlari bosh qo’mondoni Oleksandr Sirskiy.
Unga ko’ra, ukrain qo’shinlari Rossiyaning Kursk viloyatida 100 ga yaqin aholi punktlarini qo’lga kiritib, rus askarlarining bir qismini frontning Pokrovsk va Kuraxovo yo’nalishlaridan chalg’itishga muvaffaq bo’ldi.
Sirskiy Kurskga hujum paytida 594 ta rus askari qo’lga olinganini bildirdi.