AQSh Oliy sudi chiqargan yangi hukmga ko’ra, ayrim kompaniyalarning egalari diniy e’tiqodidan kelib chiqqan holda o’z ishchilarini homiladorlikka qarshi himoya vositalari bilan ta’minlamaslik huquqiga ega. Amaldagi federal qonunga binoan ish beruvchi tibbiy sug’urta doirasida ayol ishchining kontraseptiv xarajatlarini ham qoplashi shart. Oliy sud hukmi diniy erkinlik tarafdorlari uchun ulkan yutuq. Sog’liqni saqlash tizimini isloh qilayotgan prezident Barak Obama va uni quvvatlayotgan amerikaliklar uchun zarba.
Your browser doesn’t support HTML5
Adel Kaym – Oliy sudga chiqqan da’vogarlarning advokati.
“Bugun AQSh Oliy sudi o’zining tor va muvozanatli qarorida odamlarning boshqalar bilan ishlashi fundamental huquqlaridan voz kechishiga sabab bo’la olmasligini ko’rsatdi”, - deydi u.
Hukumatga qarshi da’vo san’at va hunarmandchilik mahsulotlari sotadigan “Hobby Lobby” do’konlar tarmog’i hamda mebel ishlab chiqaruvchi “Conestoga Wood Specialties” kompaniyasi tomonidan qo’zg’atildi.
Ushbu kompaniyalarga egalik qiluvchi nasoro oilalar o’z ishchilarini kontraseptiv himoya dorilari bilan ta’minlashdan bosh tortgan edi.
Ko’plab amerikaliklar sog’liq sug’urtasini ish joyidan oladi. Ayrimlar sud qarori ish beruvchining huquqini ishchilar huquqidan ustun qo’yganidan norozi.
Diniy rahnamo Berri Lin “Din va davlatning bir-biridan ajratilishini xohlovchi birlashgan amerikaliklar” guruhiga rahbarlik qiladi.
“Bu qaror Amerikadagi ayrim kompaniyalarga ayollarni, ozchilikdagi diniy guruhlarni hamda kuchsiz toifalarni himoya qiluvchi federal qonunni inkor etish imkonini beradi”, - deydi u.
To’qqiz sudyadan besh nafari yoqlagan qaror faqat bir necha kishi egalik qiluvchi kompaniyalarga taalluqli. Uning ta’sir doirasi u qadar keng emas, deydi “Religion Dispatches” jurnali muxbiri Sara Pozner.
“Ular qarorni diniy asosga yoki, masalan, irqiga ko’ra odamlarni ajratish maqsadida qabul qilmadi. Vaksinalar, qon quyish kabi sug’urta qoplaydigan shartlarga ham tegilmadi”, - deydi u.
Namoyishchilar e’tirozida jon bor. AQSh Oliy sudi ilk bor korporatsiyalarga vijdon erkinligi huquqini bermoqda. Bu esa diniy e’tiqod va xususiy mulkchilik qattiq qadrlanadigan davlatda kutilmagan oqibatlarga olib borishi mumkin.