Fransiya Prezidenti Fransua Olland bugun Oq uyda Prezident Barak Obama bilan muloqot qilib, "Islomiy davlat" jangari guruhiga qarshi kurash, Suriyadagi vaziyat xususida fikr almashdi.
Obamaning aytishicha, ikki davlat hamkorlikni kuchaytirmoqda. 65 davlat a'zoligidagi xalqaro koalitsiya "Islomiy davlat" ga qarshi keskin choralar ko'radi.
Olland Amerikaning og'ir kunlarda ko'rsatayotgan ruhiy va siyosiy madadidan minnatdor. Fransiya AQShning azaliy ittifoqchisi.
"Terrorizmga qarshi yonma-yon kurashamiz, bir-birimizga ishonamiz, erkinlik biz uchun bebaho qadriyat", - deydi Fransiya rahbari.
"Razvedka ma'lumotlarini o'zaro baham ko'rish, maxsus kuchlar orasida hamkorlikni oshirish, Iroq va Suriyada havo hujumlariga zo'r berish - bugun shular haqida gaplashib oldik",- deydi Olland.
Uning nazarida Bashar al-Assad darhol hokimiyatdan ketishi kerak. Assad muxolifat va xalqaro koalitsiya bilan murosa qilishga majbur; Suriyada tinchlik o'rnatish shuni talab qiladi, prezident.
"Qochqinlar masalasiga kelganda esa ularni terroristlardan ajrata olishimiz juda muhim", - deydi Olland.
Minglab odamlar qonxo'r to'da iskanjasidan qochib Yevropadan yordam so'rab turganida, ularning iltijolariga ko'z yumish vijdondan emas, deydi Fransiya rahbari.
Rossiya harbiy samolyotini Turkiya urib tushirgani yuzasidan fikr bildirar ekan, Obama "hali ko'p narsa ma'lum emas",- deydi. Turkiya va Rossiya bu masalani o'zaro muhokama qilmoqda va bu - to'g'ri yo'l, deydi Obama. Ikki davlat aloqalari keskinlashishidan hech kim manfaatdor emas, maqsad Suriyada tinchlikka erishish bo'lsa, xalqaro hamjamiyat siyosiy murosa tomon harakat qilishi kerak, deydi AQSh prezidenti. "Men janob Putinga shuni aytib kelayapman",- deydi u.
Vashington Kremlni Suriyada "Islomiy davlat" emas, asosan Assadga qarshi muxolif kuchlarni nishonga olayotganlikda ayblab keladi.
"Bu juda afsuslanarli hol",- deydi Olland bugungi voqeaga ishora qilib. "Turkiya ayni damda NATOga o'z pozitsiyasi va qilmishini tushuntirmoqda. Biz uni tinglab, xulosa chiqaramiz, albatta",- deydi Olland.
Olland ertaga Rossiya rahbari bilan uchrashadi. Unga aytadigan asosiy gapi shuki, bu davlat Suriyada "Islomiy davlat" ga qarshi kurashishi kerak.
Kecha Olland Parijda Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron bilan uchrashdi. Britaniya hukumati Suriyaga harbiy samolyotlarini yubormoqchi, biroq bunga parlament hali ruxsat bermagan.
Olland bu hafta Xitoy, Germaniya va Italiya rahbarlari bilan ham muloqot qiladi.
Fransiya Parijdagi terror xurujlaridan so'ng "Islomiy davlat"ga qarshi hujumlarini oshirgan. Kecha Fransiyaning Suriyaga yaqinlashgan Sharl de Gol harbiy kemasidan uchgan samolyotlar jangarilarni nishonga olgan.
Kameron shu hafta Britaniya parlamentidan harbiy harakatlar uchun yana bir bor ruxsat so'raydi. Unga ko'ra, Fransiya samolyotlari Britaniyaning Kiprdagi harbiy-havo bazasidan foydalanishi mumkin.
"Fransuz samolyotlariga havoda yoqilg'i quyishda ham yordam beramiz", - dedi Kameron.