O’zbekistonda davlatga xiyonatda ayblanib qamalgan bir guruh mahbuslar adolat talab qilmoqda. “Jasliq” qamoqxonasida jazo o’tayotgan bu shaxslarning qarindoshlari huquq himoyachilariga murojaat qilgan. Aksariyati Tojikiston hisobiga ayg’oqchilik qilishda ayblanganlarning ishi Milliy Xavfsizlik Xizmati tomonidan yuritilgan. Tazyiqlar ostida o’tgan jinoiy ishlar soxtalashtrilgan, deya da’vo qilinmoqda.
O’zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi bu borada ma’lumot tarqatdi.
Da'vogarlarning hammasi Jinoyat kodeksining 157- moddasi bilan davlatga xiyonat qilishda aybdor topilgan. Asosan huquq-tartibot idoralarining sobiq xodimlari bo’lgan mahbuslar Tojikiston va AQSh hisobiga "ayg’oqchilik" qilganlikda ayblangan.
Mahkumlar orasida MXXning sobiq xodimlari ham bor. Toshkenltlik Hasan Karimov MXXdan kapitan rutbasida ishdan ketgan. 2012- yilda Hasan Karimov AQSh hisobiga "ayg’oqchilik" qilgan deb topilgan va 14 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Hasan Karimovning 2010-yilda ish topish maqsadida AQSh va Isroil elchixonasiga borgani "ayg’oqchilik" dalili sifatida ko'rilgan.
Tojikiston hisobiga "ayg‘oqchilik"da ayblanganlarning aksariyati ham huquq-tartibot idoralarining sobiq xodimlari bo'lib, ulardan biri 2012- yilda 20 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Baxtiyor Sultonov. U Surxandaryo Ichki ihslar boshqarmasida ishlagan, mayor unvoniga ega. Tojikiston maxsus xizmatlariga maxfiy ma’lumotlar yetkazib turishda ayblangan. 17-yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Choriqul Hasanov ham Surxondaryodagi harbiy bo’linmada xizmat qilgan.
O’zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov deydiki, MXX tomonidan yuritilgan "davlatga xiyonat“ ishi soxtalashtirilgan, sud yopiq o’tgan, mahkumlar va ularning qarindoshlari ham uzoq yillar tazyiq ostida ushlangan.
Mahkumlarning qarindoshlari bugunga kelib huquq himoyachilariga murojaat qilishga jur’at topishgan.
O’zbekiston va Tojikiston o’rtasida o’zaro "ayg‘oqchilik“ ayblovi tez-tez kuzatiladigan holat. Hozirgacha har ikki tomondan o’nlab fuqarolar qo`shni davlat hisobiga "ayg’oqchilik"da ayblanib, uzoq yilga qamalgan.
O’zbekistonda shu yilning iyul oyida sirdaryolik ikki ayol Alyona Kim va Zulfiya Halimovani Tojikiston hisobiga "ayg’oqchilik“da sudlab, 11 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Har ikki ayolning qarindoshlari hukm ustidan arz qilgan. Huquq faollari, jumladan Moskvadagi "Memorial“ inson huquqlari tashkilotiga murojaat bilan chiqishgan.
O’zbekiston fuqarolarining AQSh hisobiga ayg’oqchilikda ayblanishi kam kuzatiladi, asosan siyosiylashgan holat deya qayd etiladi.
Shu yilning avgust oyida O’zbekiston Mudofaa vazirligi tashqi iqtisodiy aloqlar boshqarmasi sobiq rahbari Erkin Musayev ozodlikka chiqdi. Musayev BMTda ishlagan paytda G'arb mudofaa xizmatlariga maxfiy ma’lumotlar yekazish, davlatga xiyonat qilishda aybalanib 2006-yilda 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.
Mudofaa vazirligining sobiq amaldori, BMT mutaxassisining MXX tomonidan ayg’oqchilikda ayblanib hibsga olinishi G’arb bilan aloqalar o’ta keskinlashgan paytga to‘g’ri kelgan.
Inson huquqlari tashkilotlari tomonidan siyosiy mahbuslar ro’yxatiga kiritilgan Erkin Musayev BMT inson huquqlari bo’yicha Oliy komissari Zayd al-Husaynnig O’zbekistonga tashrifidan so'ng ozod etildi.
Jasliqdagi mahbuslarning huquq himoyachilariga murojaati mamlakatda hokimiyat almashib, sud-huquq tizimida ham islohotlar kutilayotgan bir paytda kuzatilmoqda. Mahbuslar aybsiz ekanini isbotlash uchun imkoniyat so’ramoqda.