Din

"Jasliq"da mahbuslarni majburlab iqror qildirish davom etmoqda

"Jasliq" O'zbekistonning eng og'ir qamoqxonasi hisoblanadi

Prezidentning afv bo’yicha komissiyasini rad etgan dindor mahbus qo’shimcha jazo muddati tahdidi ostida Mirziyoyevga “kechirim” xati yozishga majbur bo’lgan. Qoraqalpog'istondagi “Jasliq” qamoqxonasida o'tirgan Saidahror Otaxo’jayev haqida gap ketmoqda.

Faollarga ko’ra, panjara ortidan Prezident Shavkat Mirziyoyev nomiga yozdirilayotgan kechirim xatlari huquq-tartibot idoralari uchun jinoyatni tan oldirishning so’nggi vositasi bo’lib qolmoqda.

Qoraqalpog’iston sudi diniy ekstremizmda ayblanib 18 yillik qamoq jazosini o’tagan Saidahror Otaxo’jayevga nisbatan qo’shimcha jazo muddatini belgilash bo’yicha mahkama ishini ko’rib chiqmoqda.

Otaxo’jayev bundan avval prezidentni afv bo’yicha tuzilgan komissiyasi bilan suhbatda ham aybiga iqror bo’lmagan.

O’zbekiston sud-huquq tizimidagi islohotlar qamoqdagi dindorlardan kechirim xatlarini yozdirib olish tajribasiga barham bermagan. Karimov davrida keng tarqalgan bu amaliyot mahbuslarni tavba qildirishga, aybini tan oldirish, prezidentdan chin dildan kechirim so’rashga qaratilgan edi.

Saidahror Otaxo’jayev 18 yildan beri qamoqda o'tiribdi

Huquq himoyachilari to'plagan ma'lumotlarda qayd etilishicha, qamoqxonalardagi bu tajriba avvalgidek davom etyapti. Ozodlikka chiqayotgan dindorlar aybini tan olgani yoki olmaganidan qat’i nazar Mirziyoyev nomiga iqrorlik arizasini yozishi shart, aks holda qo’shimcha muddat belgilanishi bilan yuzlashadi.

O’zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi diniy ekstremizmda ayblanib 18 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan, ammo jazo muddati tugashi ortidan ham “Jasliq” qamoqxonasidan chiqarilmagan Saidahror Otaxo’jayev (Ataxodjayev) haqida ma’lumot tarqatdi.

Otaxo’jayevning 18 yillik jazo muddati 23- aprelda tugagan, ammo ma’muriyat tomonidan qamoqxonadagi ichki tartibni buzishda ayblanib yana sudga tortilgan. Mahkama ishini Qoraqolpog’iston sudi ko’rib chiqmoqda.

Huquq himoyachisi Surat Ikromov deydiki, Otaxo’jayev qamoqxonadagi 18 yil davomida o’z aybiga iqror bo’lmay kelgan, ammo jazo muddati yakunlanib, yana besh yillik qo’shimcha muddat xavfi bilan to’qnash kelar ekan, Mirziyoyev nomiga kechirim xatini yozishga majbur bo’lgan.

Saidahror Otaxo’jayev yozgan iqrornoma

“Bu inson shuncha, 18 yil, qamoqda o’tiribdi, biror marta aybiga iqrorlik bildirmagan, hatto afv bo’yicha tuzilgan komissiya bilan ham suhbatda bo’lgan. Ularga nima uchun men kechirim so’rab yozishim kerak bu afvga, mening aybim yo’q, deb aytgan, yozib bermagan. Ammo ustidan yana ish qo’zg’atishgandan keyin, talab qilib, majburlashgandan keyin yozib beribdi. Mayli, shu kerak bo`lsa, faqat muddat qo’shib bermasa bo’ldi deb. Ular nima uchun bu kechirim xatlarini yozdirib olishyapti? Nega bu hamon tatbiq etilayotgani esa ko’plab dindorlar o’z aybini tan olmagani bilan bog’liq. Huquq-tartibot xodimlari o’zlarini ehtiyot qilishmoqda, chunki ular ozodlikka chiqsa, ertaga o’z haqlarini, o’zlarini biror dalil-isbotsiz 10-20 yillik qamoq hukm qilganlarni jazoga tortilishini talab qilishadi”, - deydi Ikromov.

Saidahror Otaxo’jayev 2000-yilda Sirg’ali tuman sudi tomonidan O’zbekiston konstitutsiyasiga tajovuzda, diniy-ektremistik guruhlarga aloqadorlikda ayblanib 18 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Uning jazo muddati shu yilning 23- aprelida tugagan, ammo 22-aprel kuni qamoqxonadagi ichki tartibni buzish aybi bilan yangi jinoiy ish ochilgan. Mahkamada Otaxo’jayevning aybi tasdiqlangan taqdirda unga nisbatan 3-5 yilgacha qamoq muddat belgilanishi mumkin.

Surat Ikromovga ko’ra, siyosiy mahbuslarga muddat qo’shib berish tajribasi O’zbekistonda tizimli amalga oshiriladi va islohotlar haqida gapirilayotgan yangi davrda ham bu tizimdan voz kechilmagan.

“Bu kabi tajribani faqat O’zbekistonda kuzatish mumkin, albatta qonunda bu ko’rsatilgan - jazo o’tash tartibini buzganlarga nisbatan chora ko‘rilishi, masalan qamoqdan qochishga harakat qilganda yoki boshqa og’ir holatlarda. Ammo O’zbekiston huquq-tartibot idoralari buni sistematik ishlatishadi. Masalan, biror mahbusni muddati tugayaptimi, darhol unga qo’shimcha muddat uchun soxta ayblovlar hozirlanadi, muddati tugashidan bir oy yoki bir kun avval yangi ish qo’zg’atishadi, shu bilan yana 3-5 yil qo’shib berishadi. Shunday qilib, 3-4 marta qo’shib berishlari mumkin, mana hozir ozodlikka chiqishyapti. Boshida 7 yilga qamalgan bo’lsa, keyinchalik unga bir necha marotaba muddat qo’shib berilgan. Bu juda yomon sistema”, - deydi Ikromov.

Prezident Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan diniy sohada ham islohotlar boshladi, jumladan, avvalgi rahbar davrida “qora ro’yxat”ga kiritilgan 16 ming dindor bu ro’yxatdan o’chirilganini e’lon qildi. Diniy mahbuslar ozodligi ham ko’zda tutilgan afv haqida farmon imzoladi.

Bu farmon ijrosi yuzasidan tuzilgan komissiya qamoqdagi dindorlar bilan suhbatlar o’tkazgan. Buning ortidan prezident adolatsiz qamalganlar ko’pligi, ular shu adolatsizlik tufayli jamiyatga dushman bo’lib qolayotgani haqida o'z fikrlarini bildirgan edi.

O’zbekiston diniy erkinlik bo’yicha "alohida xavotirga molik davlat"lar qatorida turadi. AQSh hukumati tomonidan yaqinda e’lon qilingan hisobotda mamlakatdagi diniy erkinlik bo’yicha vaziyat salbiy baholanadi.