Qirg’izistonlik tarixchi, yozuvchi va dramaturg Habibillo Idrisovning yangi asari Farg’ona vodiysi xalqlarining mo’g’ul istilochilariga qarshi kurashi haqida hikoya qiladi. Asar ustida ishlash jarayonida muallif nafaqat ilmiy manbalar va qadimiy qo’lyozmalardan foydalangan, balki mintaqada saqlanib qolgan obidalar, turli qazilma-topilmalarni ham keng o’rgangan.
Your browser doesn’t support HTML5
Tadqiqotchining aytishicha, umumtarix sahifalarini chuqur va xolis yoritish uchun Markaziy Osiyo tarixchilari birlashishi, faol hamkorlik olib borishi darkor. Tarixchi va yozuvchi Habibillo Idrisov bilan suhbatlashdik.
“Qissa bejiz “Aravon jangi” deb atalmadi, - deydi tarixchi. - O’sh shahri yaqinida joylashgan ushbu qishloq atrofida shiddatli janglar bo’lgani, mahalliy aholi bosqinchi to’dalarga qaqshatkich zarba bergani borasida rivoyatlar, eski ma’lumotlar bor. Aravon atrofidagi to’rt qal’aning qisqa vaqt ichida birin-ketin vayron etilgani ham ko’p sonli dushman bilan kechgan ayovsiz olishuvlardan dalolat beradi”.
Tepaliklarda olib borilgan qazilma ishlari, qurilishlar va xo’jalik tadbirlari paytida o’sha zamonga taalluqli ish qurollari, idish-tovoq hamda aslahalar qoldiqlari topilgan.
Yozuvchi madaniy merosga oid hududlarni muhofaza ostiga olish zaruriyatini ta’kidlaydi.
“Masalan, bir qal’a vayronalarida tarixiy-ilmiy ahamiyatga ega ulkan tegirmontoshning bir cheti yerdan chiqib turibdi. Kimdir qazib olib ketsa, birov javob bermaydi. Qanchadan-qancha nodir buyumlar, temir va sopol ashyolar, qadimiy tangalar asrlar davomida shu yo’sinda izsiz yo’qolib ketgan”, - kuyunib gapiradi yozuvchi.
Habibillo Idrisov ayrim o’lkalarda mintaqa tarixini bir tomonlama, kimgadir qulay ravishda talqin qilish, tarixni siyosiylashtirish, qay bir ma’noda “xususiylashtirish” urinishlaridan tashvishda.
“Yagona tariximiz xolis va ilmiy asoslangan tarzda yoritilishi, yosh avlodga yetkazalishi xalqlarimizning do’stligi, totuvligi, axilligi va umuman taraqqiyot garovi bo’ladi”, - deydi suhbatdosh.
Uningcha, Markaziy Osiyo tarixchilari birgalikda, aniq asoslangan yo’nalishlarda, mintaqa ko’lamida ixtisoslashgan ilmiy markazlarda tig’iz hamkorlikda faoliyat yuritgani maqsadga muvofiq.