Futbol yulduzlari Jahon kubogini qo'lga kiritishni orzu qilarkan, ayrim futbol agentlari va'dalariga uchib, Rossiyaga mo'maygina kontraktlar uchun borgan afrikalik yosh futbolchilarni uchratish mumkin. Yevropaga borsang, oshig'ing olchi bo'ladi, degan va'dalarga ishonib kelgan bu xorijliklar aslida qo'ynilari puch yong'oqqa to'ldirilganini, afsuski, kech anglashmoqda.
Mana bu yosh yigit Fil Suyagi Qirg'og'idan. "Moskvadagi futbol klubida o'ynaysan" deb undan 3500 dollar olishgan.
"Menejerim "futbol Afrikada yaxshi bo'lsa ham Yevropada omadingni sinab ko'rganing yaxshi, u yerda kun kelib dunyoning eng yaxshi futbolchisi bo'lishing mumkin" deb aytgan edi", - deydi Ismoil Sumahoro.
Afsuski, bunday bo'lmadi.
"Shijoat bilan kelasiz, lekin va'da qilingan hech narsa yo'q. Shundan so'ng Rossiya sovug'ida olti uy uyda o'tirib qolasiz. Bir yilgacha maydonni ko'rmaysiz. Tabiiyki, formangizni yo'qotasiz. Besh metr yugurib tilingiz osilib qoladigan holga kelasiz. Nihoyat boshingiz devorga urilganini tushunib yetasiz", - deydi futbolchi.
Ismoil shundan so'ng tushkunlikka tushib qoldi. Moskvadan Krasnodarga ketib, mahalliy jamoa bilan ishlashga majbur bo'ldi. Viza muddati tugagach esa, daromadsiz va ishsiz qoldi.
Oradan sakkiz yil o'tdi. Ismoil hozir Rossiyada o'z o'rnini topolmagan afrikalik futbolchilardan iborat "Qora yulduzlar" jamoasiga murabbiylik qilmoqda. Nigeriyalik Ernest Axilomen ham shu jamoada.
"Aksariyatimiz Afrikadan 15, 16, 17 yoshlarda kelganmiz. Quyi ligalarda boshlab, birinchi ligada o'ynashni xohlaymiz. Lekin hujjat muammolari bois bu imkoniyatni qo'lga kirita olmaymiz", - deydi u.
Rossiya Premyer ligasi xorijliklarni qabul qilishi mumkin, ammo quyi ligada o'ynaydiganlar rossiyalik yoki Rossiyada yashash ruxsatiga ega bo'lishi kerak.
Hujjati bo'lmasa ham Axilomen kun kelib Premyer ligada o'ynash umididan voz kechgani yo'q. Yosh afrikalik futbolchilar savdosiga qarshi kurashuvchi "Oyoq birdamligi" nodavlat tashkiloti ma'lumotiga ko'ra, Yevropada professional futbol o'ynash uchun har yili 6000 bola G'arbiy Afrikani tark etmoqda. Ularning kamdan kami o'z maqsadiga erishadi.
Your browser doesn’t support HTML5