Bryusselda o'tgan ikki kunlik NATO sammiti yakunida Tramp harbiy alyans yetakchilarining favqulodda yig'inini o'tkazishga chaqirdi. AQSh rahbarining ogohlantirishicha, agar a'zo davlatlar mudofaa byudjetlarini tez orada oshirmasa, Vashington hatto NATOdan chiqishi mumkin.
"NATOga ishonaman", - dedi Tramp Bryusselda o'tgan matbuot anjumanida.
Ammo, deya qo'shimcha qildi u, AQShga nisbatan adolatsiz munosabatda bo'linmoqda. Vashington harbiy alyansning 70-90 foiz xarajatini qoplamoqda va bu AQSh soliq to'lovchilari uchun nohaqlik, dedi u.
Prezident Trampning aytishicha, a'zo mamlakatlar mudofaa uchun ajratadigan mablag'larini tez orada ikki foizga oshirishga rozi bo'lgan.
Trampning ta'kidlashicha, u AQShni NATOdan Kongress ruxsatisiz ham chiqarib olishi mumkin, lekin so'nggi va'dalar ortidan bunday chora keraksiz.
"NATO mashinasi nihoyat soz holatda", - deya qo'shimcha qildi u.
Tramp avvalroq Germaniyani Rossiya gaziga tobe bo'lib qolganlikda ham ayblagan edi.
“Germaniya ko’mir zavodlarini yopib, atom energiyasidan voz kechib, Rossiya asiriga aylandi. Germaniyaning Rossiyadan bunchalik ko’p gaz va neft olishiga NATO e’tibor qaratishi lozim. Germaniya Rossiyaga milliardlab dollar to’lashi, ammo uning mudofaasi bilan AQShning shug’ullanishi to’g’ri emas”, - deydi Tramp.
NATO yetakchilari faqat mudofaa xarajati muammosi bilan o'ralashib qolmay, Afg'onistondagi urushga yakun yasash masalasini ham muhokama qildi. Alyans rahbari Yens Stoltenbergning umid qilishicha, afg'on xavfsizlik kuchlarini moliyalash 2024-yilgacha davom etadi.
Bryussel anjumani ortidan Tramp Britaniyaga safar qilib, u yerda Bosh vazir Tereza May va Qirolicha Yelizaveta II bilan uchrashadi. Shundan so'ng AQSh rahbari Xelsinkiga jo'nab, 16-iyul kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishi belgilangan.
"U mening dushmanim emas va balki kun kelib do'stimga aylanar", - dedi Tramp Putin haqida.
U Rossiyani dushman emas, balki raqobatchi mamlakat sifatida ko'rishini aytadi.