Agar hibsdagi amerikalik ruhoniy ozod qilinmasa, Vashington Turkiyaga qarshi bir qator sanksiyalarni joriy etishi mumkin. AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens shu haqda ogohlantirdi.
"Turkiya bu begunoh e'tiqod odamini ozod qilish bo'yicha zudlik bilan chora ko'rmasa va uni Amerikadagi uyiga jo'natmasa, AQSh ruhoniy Endryu Branson ozod qilinmaguncha Turkiyaga jiddiy sanksiyalar joriy etadi", - dedi Pens Davlat departamentida o'tgan so'z erkinligiga oid sammitda.
Shimoliy karolinalik Endryu Branson Turkiyada josuslik va terrorizmga aloqador jinoyatlar bilan qamoqqa tashlangan. Uning ustidan boshlangan sud ishi Turkiya va AQSh aloqalariga sovuqlik soldi.
Prezident Donald Tramp ham Pens fikrlariga qo'shildi.
"Buyuk nasroniy, oilaparvar odam hamda ajoyib inson bo'lgan ruhoniy Endryu Bransonni uzoq vaqtdan beri hibsda ushlab turgani uchun AQSh Turkiyaga yirik sanksiyalarni joriy qiladi. U ko'pdan beri qiynalmoqda. Bu begunoh, e'tiqodli inson zudlik bilan ozod qilinishi kerak", - deb yozdi Tramp "Twitter" orqali.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho'g'li bunga "Twitter" orqali, "Hech kim Turkiyaga nima qilishni o'rgatmasin. Hech kimning tahdid qilishiga yo'l qo'ymaymiz. Qonun ustuvorligi hamma uchun bir xil, istisno yo'q", - deb javob berdi.
Bransonning sudi davom etmoqda. U ayni paytda hisbxonadan chiqarilib, uy qamog'iga o'tkazilgan.
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, Vashington amerikalik ruhoniyni vataniga qaytarish bo'yicha Turkiya bilan muloqotni davom ettirmoqda.
Branson AQShda yashovchi musulmon dindor Fathulla Gulen rahbarligidagi guruhga yordam berganlika ayblanmoqda. Anqara 2016-yil Turkiyada muvaffaqiyatsiz yakunlangan harbiy to'ntarish ortida Gulen jamoasi turganini da'vo qiladi.