O'zbekiston Oliy Majlisi Senat rais o'rinbosari Sodiq Safoyevning 25-iyul kuni Vashingtondagi Milliy matbuot klubida qilgan nutqi. Tadbirda O'zbekistonda e'tiqod erkinligi qay ahvolda ekani muhokama qilindi. Tafsilotlar bilan shu saytda tanishish mumkin.
Milliy Matbuot Markazida yana bir bor uchrashib turishdan mamnunman. So’nggi bor Prezident Mirziyoyevning AQShga tarixiy tashrifi chog’ida uchrashgan edik va ushbu tashrif ikki tomonlama munosabatlar ravnaqiga muhim asos yaratdi. Janob Komilov ta’kidlab o’tganidek, O’zbekiston siyosiy va iqtisodiy modernizatsiya jabhalarida jadal ilgarilab bormoqda. Jumladan, din va e’tiqod erkinligi ham ana shu o’zgarishlarning muhim qismi va omili sanaladi.
E’tiboringizni diniy erkinlikni o’z ichiga olgan modernizatsiya jarayonlari nima uchun aynan O’zbekistonda yuzaga kelayotgani borasidagi umumiy holatga qaratmoqchiman.
Birinchidan, quyidagi tayanch omilning aniq anglab yetilishi ushbu intilishlarni harakatga keltiruvchi kuch hisoblanadi: zamonaviy dunyo chaqiriqlariga munosib javob berish uchun xavfsizlikni ta’minlash, radikal va siyosiy Islom, terrorizmga qarshi kurashish, siyosiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish lozim. Modernizatsiya jarayonlari to’xtatilishi emas, jadallashtirilishi kerak.
Turli mintaqalar, jumladan, Yaqin Sharq va sobiq sovet ittifoqi hududlarining yaqin o’tmishi modernizatsiyalashmagan davlatlarning naqadar zaif ekanligini ko’rsatib berdi. Men barcha arab inqiloblarining xorijdan turib boshqarilganiga ishonolmayman. Gap shundaki, ana shu voqealar uzoq yillar mobaynida ildiz otgan korrupsiya, repressiya va aholiga nisabatan qo’llangan zo’ravonliklar oqibatida yuzaga kelgan. Muammolar xorijiy nodavlat tashkilotlar yoki Feysbook tomonidan uyushtirilgan emas, aksincha, ularning ildizi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning avj olishi, inson huquqlari va erkinliklarining poymol qilinishi, ishsizlik darajasining ortishi, aholining moddiy imkoniyatlari jihatidan keskin bo’linishiga borib taqaladi. O’z navbatida, ana shu tanglik oppozitsiya, shu jumladan, siyosiy Islomning yuzaga kelishiga sabab bo’ldi.
Eski va muvozanat ta’minlanmagan, modernizatsiyalashmagan hukumat va tizimlar o’sib kelayotgan noroziliklarning oldini ololmadi. Ana shu muammolarni chuqur anglab yetgan holda, O’zbekistonning yangi rahbariyati Prezident Mirziyoyev boshchiligida 5 yillik modernizatsiyalashuv strategiyasini joriy etdi. Jumladan, diniy erkinlikka qaratilgan siyosatning modernizatsiyalashuvi ana shu dasturning muhim qismi sanaladi.
Ma’lumki, siyosiy islom va radikalizmga qarshi repressiv choralar bilan kurashib bo’lmaydi. Odamlarning yuragi va ongi uchun kurashish kerak. Sud tizimini o’zgartirish, inson huquqi va erkinliklarini kafolatlash, ta’limni rivojlantirish lozim. Yangicha yondashuvlarga ko’ra, ma’rifat siyosiy Islomga qarshi kurashning eng samarali usulidir.
Ana shu yo’l xaritasi parlamentning ikki palatasi tomonidan qabul qilingan. Aminmanki, doktor Saidov va vazir Davletovlar ana shu yo’l xaritasi bo’yicha ham batafsil ma’lumotlar beradi. Mulohazalarimni, tog’rirog’i, dastlabki mulohazalarimni yakunlar ekanman, mavjud vaziyatni soddalashtirmoqchi emasman. Oldinda talay muammolar mavjud, ko’plab ziddiyatlar hal etilishi kerak. Dunyoviy demokratiya va Islom taraqqiyoti hamohangligi masalasi ham shular jumlasidan. Ikkinchidan, liberalizatsiya va demokratiyani ta’minlashni anglatadigan modernizatsiya va siyosiy Islomning yuzaga kelishi doirasidagi chigal vaziyatlar. Biz johillikka nisbatan qay darajada bag’rikenglik bilan munosabat qila olamiz? Liberallashuv va demokratiyaning johil dushmanlariga nisbatan demokratiya va liberalizm qay darajada qo’llanilishi mumkun?
Bu savollarga menda javob yo’q, uni birgalikda tadqiq qilamiz.