AQSh Janubiy Amerika davlatlarini Xitoydan ogoh bo'lishga chaqirdi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis Janubiy Amerika bo'ylab safarda. U mintaqa davlatlarini xavfsizlik bo'yicha AQSh eng ishonchli hamkor ekaniga ishontirishga urinmoqda. Pentagon rahbari bu orada Pekinning Janubiy Xitoy dengizi va fazodagi harakatlarini keskin qoralashga ham ulgurdi.

Mudofaa vaziri Jim Mattis Janubiy Amerikaga safar qilarkan, yana Xitoyga e'tibor qaratdi.

U Rio-De-Janeyro shahrida braziliyalik harbiylar bilan uchrashib, ularni fazoda hamkorlik qilishga chaqirdi.

Uning aytishicha, Xitoy kundalik hayot uchun muhim bo'lgan kommunikatsiya yo'ldoshlarini ishdan chiqarish salohiyatiga ega bo'lgan bir paytda bunday hamkorlik muhim.

"Xitoy berayotgan signallarni tushunamiz. Ular fazoda sun'iy yo'ldoshlarni ishdan chiqarish imkoniyatiga ega ekanliklarini ko'rsatmoqchi", - dedi AQSh mudofaa vaziri.

Mattis Pekinning Janubiy Xitoy dengizidagi bahsli hududlarga qurol-yarog' va boshqa mudofaa inshootlarini o'rnatayotganini ham tanqid qildi. Dunyoning bu qismidan eng muhim savdo marshrutlari o'tgan.

"Xitoy harbiylashish orqali mintaqa davlatlarining ishonchini parcha-parcha qilmoqda", - dedi u.

Kuzatuvchilar fikricha, Xitoy tijoriy maqsadlarda Janubiy Amerikaga ham qiziqishini oshirmoqda. Pekin mudofaa bo'yicha hamkorlikni kuchaytirishni ham ko'zlagan.

"Xitoy nazarida bu muhim, chunki mahsulotlarni xavfsiz bozorga chiqarish uchun shu narsa kerak bo'ladi", - deydi tahlilchi Jeyson Marzak.

Mattisga ko'ra, tomonlar bunday hamkorlikdan birdek foyda ko'rishi kerak. Xitoy va Osiyoning kichik davlatlari o'rtasidagi bitimlar bunday emas.

"O'zaro hurmat birinchi o'rinda. O'lja ovlash iqtisodiyotini qo'llab, Shri-Lanka kabi davlatni ulkan qarz ostida qoldirib, uning suverenitetini tortib olishga haqqingiz yo'q", - dedi u.

Pentagon ma'lumotiga ko'ra, AQShning global qurol savdosi o'tgan yilga qaraganda besh milliard dollarga o'sgan. Rasmiylar raqobatchi Xitoyning Lotin Amerikasi bilan bo'ladigan savdolarga zarar yetkazmasligidan umidvor.