Xitoy harbiy kemalari hozirda Shimoliy Atlantika okeani bo’ylab harakatlanmoqda, ayni paytda, Rossiya suvosti kemalari ham ana shu dengiz hududiga kirib kelgan. AQSh Harbiy dengiz floti bosh Admirali Jon Richardson “Amerika ovozi”ga bergan ekskluziv intervyusida bunday vaziyat Sovuq urush yakun topgandan beri kuzatilmaganligini aytdi.
Admiralning fikriga ko’ra, Xitoyning Shimoliy Atlantikadan O’rtayer dengizi tomon harbiy harakatlanishi okean hududida “yangi dinamika”ni yuzaga keltiradi.
“Hatto besh yil avval ham bunday vaziyatga guvoh bo’lolmas edik”, -deydi Richardson. Uning qayd etishicha, Xitoy harbiy dengiz floti global qamrovga ega bo’lib, Pekin istagan hududda operatsiyalarni amalga oshirishga “tayyor va layoqatli”.
Biroq AQShning sharqiy qirg’oqlariga yaqin hududdagi Xitoy harbiy operatsiyalaridan ko’ra dengiz ostida yashirincha harakatlanayotgan Rossiya suvosti kemalarining tahdidi kuchliroq. NATOning Shimoliy Amerikadan Yevropaga qadar joylashgan a’zolari Rossiya suvosti kemalari harbiy faoliyatining jadallashuvidan alohida xavotirda.
AQSh rasmiylari Moskvaning suvosti kemalaridan ikki qit’ani ulab turadigan dengiz ostidagi kabellarni uzib tashlash yoki ularga ulanish maqsadida foydalanishi mumkunligidan tashvishda.
Ikkinchi flot
Shimoliy Atlantika okeanida yuzaga kelgan favqulodda vaziyatga javoban AQSh sharqiy qirg’oqlarida okean xavfsizligini ta’minlashga mas’ul qism faoliyatini qayta tikladi.
AQSh Ikkinchi floti Mudofaa vaziri Jim Mattis joriy etgan Milliy mudofaa strategiyasining yangi ko’rsatmalarini amalga oshirishga ko’maklashadi. Ta’kidlash lozimki, AQSh milliy xavfsizligi siyosatida asosiy e’tibor terrorizmdan ko’ra ko’proq katta kuchlar raqobatiga qaratilgan.
Flot faoliyati moliyaviy muammolar sabab 2011-yilda to’xtatilgan edi. Xizmat joriy yilning 1-iyulidan qayta tiklangan.
Richardson flotning 24-avgustda avia tashuvchi bortida o’tkazilishi mo’ljallangan rasmiy ochilish marosimida raislik qiladi.
Ikkinchi flot komandiri, shuningdek, NATOning Norfolk Birlashgan xizmatlariga ham boshchilik qiladi. Richardsonning aytishicha, ikki tarafli harbiy struktura AQSh va uning ittifoqdoshlariga o’sib kelayotgan Rossiya tahdidlariga qarshi birga kurashish ko’nikmasini beradi.
Rossiya xuruji
AQSh geografik harbiy komandalarini qayta joriy etar ekan, Richardsonning aytishicha, Amerika kuchlari axborot urushi raqobatida ham yetakchilik qilishi kerak.
Harbiy dengiz floti askarlari AQShning Suriyadagi quruqlik qo’shinlari singari Rossiyaning elektron xurujlaridan saqlanishi lozim.
Richardson xurujlarning flot faoliyatiga ta’siriga aniqlik kiritmagan. Elektron urush xuruji navigatsiya va kommunikatsiya tizimlari faoliyatini izdan chiqarishi mumkun.
“Bu buzg’unchi texnologiyalar… kelgusi to’qnashuvlarda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo’ladi va biz ham ana shu soxa ravnaqiga yetarli sarmoya kiritishimiz kerak”, - deydi Richardson.
Facebook Forum