Muhabbat Shamayeva, Izro Malakov O'zbekistonda yana katta sahnada

O'zbekiston xalq artisti Izro Malakov "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Toshkent, 28-avgust, 2018

Qariyb 30 yildan beri Amerikada yashayotgan O'zbekiston xalq artistlari Muhabbat Shamayeva va maqom ustasi Izro Malakov respublika poytaxtidagi Turkiston san'at saroyida sahnaga chiqib, mashhur qo'shiqlarini ijro etdi. Shu kungacha bunday imkoniyat bo'lmagan edi, deydi san'atkorlar.

Malakov Amerikada yetishtirayotgan shogirdlarini ham o'zbek ommasiga tanishtirdi. Kelasi hafta bu hofizlar Shahrisabzda o'tadigan xalqaro maqom festivalida ham ijro etadi.

"Amerika Ovozi" bilan suhbatda Muhabbat Shamayeva O'zbekistonning qadri, o'zbek muxlislar va nega Amerikada yashashi haqida so'zladi.

"Olisdaman lekin qalbimda hamon O'zbekiston artistiman, xuddi shu yerda yashaydigan odamdek ijod qilaman", - deydo Shamayeva.

Muhabbat Shamayeva "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Toshkent, 28-avgust, 2018

Nima uchun unda AQShda yashaysiz? - degan savolga u 1980-yillarda, Sovet davrida, yahudiylarga nisbatan siyosiy munosabat salbiy bo'lgani va Amerika bu elat vakillariga eshik ochgani, jumladan Buxoro yahudiylariga boshpana berganini sabab qilib ko'rsatadi.

Shamayevaning butun oilasi o'zi bilan Nyu-Yorkning Kvins tumanida yashaydi. Aynan shu hudud Buxoro yahudiylarining zamonaviy makonidir. Ular bu tumanda o'z markazlari, matbuoti, ibodatxona va boshqa dargohlariga ega.

O'zbekistonning AQShdagi elchixonasi o'tkazgan madaniy tadbirlarni qizitadiganlar ham aynan Buxoro yahudiylaridan iborat ijodkorlardir.

Your browser doesn’t support HTML5

Muhabbat Shamayeva O'zbekistonda yana katta sahnada

Jamoa azaldan O'zbekiston hukumati bilan apoq-chapoq. Islom Karimov davrida ham aloqa ijobiy edi. Respublika ularga yopilmagan.

Lekin, deydi san'atkorlar, bugun o'zgacha kayfiyat hukmron. Ular O'zbekiston bu insonlar bilan haqiqatda faxrlanishi, hamkorlik qilishni istashi va bu istak real ekanini isbotlamoqda.

Izro Malakov deydiki, u yillardan beri O'zbekistonga mehmonlar olib keladi. Musiqiy-madaniy targ'ibotdan tashqari mamlakatning xorijga notanish jihatlarini reklama qilishga ham urinadi. Malakov fikricha, o'zbeklarning oilaviy qadriyatlari ayniqsa bebaho.

Your browser doesn’t support HTML5

Izro Malakov: O'zbekistonda bunday konsertni ilk marta berayapmiz

"O'zim yahudiy, lekin butun vujudim va jasadim o'zbek", - deydi Malakov ham sahnada, ham "Amerika Ovozi" bilan suhbatda o'zlik haqida so'zlar ekan.

O'zbekchilik uning uchun milliy qadriyatlar, odob-ahloq va ma'naviy boylikdan iborat. Musiqa, xususan maqom, ularni o'zida mujassam etgan yo'nalish, deydi san'atkor.

Turkiston san'at saroyidagi konsert nafaqat ijodiy kecha balki siyosiy tadbir ekanini Malakov tan oladi. Buxoro yahudiylari uchun katta sahnalar ochiq ekani O'zbekiston naqadar bag'rikeng yurt ekanini ko'rsatadi, deydi u.

Buxoro yahudiylari faqat O'zbekiston hukumati emas, Amerika siyosiy doiralariga ham yaqin. O'zlarini madaniyat elchilari va o'zaro manfaatlarni olg'a surishga qodir iqtidorli jamoa deb biladi.

Muhabbat Shamayeva va Izro Malakov bilan suhbatlarda ular bu borada faxr bilan so'zladi.