Qirgʻizistonning Choʻlpon Ota shahrida 3-sentabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorligi tashkilotining VI sammiti boʻlib oʻtdi. Yigʻinda sammit deklaratsiyasiga imzo qoʻyilib, turkiyzabon davlatlarning hamkorligini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi. Vengriyaga esa turkiy tilli davlatlar kengashi kuzatuvchisi maqomi berildi.
Sammitda Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Qozogʻiston hamda Turkiya mamlakatlarining prezidentlari qatnashdi. Turkmaniston mazkur sammitda ishtirok etmadi. Shuningdek, bu safargi sammitda Oʻzbekistonning tashkilotga rasman aʼzo boʻlishi taxmin qilingan edi. Ammo Prezident Shavkat Mirziyoyev Vengriya bosh vaziri kabi sammitda faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi.
Oʻzbekiston prezidenti sammitda soʻzlagan nutqida bugungi kunda Kengashning siyosiy kun tartibida hech bir muammo yoki kelishmovchilik mavjud emasligini taʼkidlab oʻtgan.
“Turkiy kengash doirasida oʻzaro samarali hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdormiz. Hozirgi bosqichda uning faoliyatida mamlakatimiz uchun amaliy jihatdan qiziqish uygʻotadigan yoʻnalishlar boʻyicha ishtirok etishga tayyormiz”, - degan Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida.
Sammit davomida Qirgʻiziston prezidenti Soʻoʻroʻnbay Jeenbekov Turkiy davlatlar kengashiga Oʻzbekiston yangi kuch berishini bildirib, Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻlining qurilishi masalasini tilga olib oʻtdi.
Shavkat Mirziyoyevning mazkur sammitda faxriy mehmon sifatida boʻlsa ham ishtirok etishi Markaziy Osiyo mamlakatlarining yanada jipslashishiga taʼsir etishi mumkin, deydi kuzatuvchilar.
Ammo bugungi kunda etnik asosda (masalan, “Turk dunyosi” shiori ostida) ittifoq tuzish imkoniyatlari deyarli yoʻq, deb hisoblaydi qozogʻistonlik jurnalist Abdumalik Sarmanov.
“Chunki har bir mamlakatda imkoniyatlardan tashqari oʻziga xos muammolar ham bor. Masalan, Turkiyada etnik identifikatsiya oʻrnini konfessional identifikatsiya egallay boshlaganini aytish mumkin.“Arab bahori”dan keyin qoʻshnilarda yuzaga kelgan beqarorlik (ayniqsa, Suriya muammosi) yana bir muddat ushbu mamlakat hayotiga salbiy taʼsirini koʻrsatishi sir emas. Mamlakatda terrorga qarshi urush ketayapti, uch yarim million suriyalik qochoqlarga insoniylik yordami koʻrsatishga majbur. Boshqa turkiy davlatlarning ham har birida oʻziga xos muammolar mavjud va bu muammolarni hal etishda ularning bir-biriga bera oladigan yordami cheklangan. Bu obyektiv reallik va mazkur vaziyat uchun kimnidir ayblash, yumshoqroq qilib aytganda, noxolislik boʻlardi. Shuni ham aytish kerakki, bugungi beqarorlik barcha mamlakatlar, jumladan, turkiy tilli qavmlar yashayotgan davlatlar uchun ham jiddiy imtihon boʻladi. Umid qilamanki, bu sinovdan oʻta olamiz”, - deydi u.
Sammitda yangragan siyosiy bayonotlar
Sammitda soʻzga chiqqan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdogʻan gulanchilarga qarshi samarali kurash olib borish va mintaqa davlatlarini dollardan voz kechishga chaqirdi. U bu fikrini xalqaro savdoda dollarga qaram boʻlib qolish ortidan turli toʻsqinliklarga duch kelina boshlagani bilan izohladi.
“Biz bu yoʻnalishda oʻz milliy valyutamiz bilan savdo-sotiq qilish masalasini muhokama etishni taklif qilamiz. Milliy valyutaga oʻtishimiz shart", - degan Erdogʻan.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev esa Togʻli Qorabogʻ masalasi boʻyicha soʻzlab, kengashdan madad kutishini bildirdi. Ammo bu masalani keyingi yigʻinlarning kun tartibiga kirgitish boʻyicha masala koʻrib chiqilmadi.
Qirgʻiziston parlamentining sobiq deputati Kanibek Osmonaliyev “Ozodlik”ning qirgʻiz xizmatiga bergan intervyusida kengash doirasida ozarbayjon-arman nizosi kabi masalani koʻrish ehtiyotkorlikni talab qiluvchi masala ekanini aytdi.
“Bu tashkilot yangi tuzilgan vaqtda madaniy-gumanitar hamkorlik doirasidagina soʻzlar aytilib, unda rahbarlar tarafidan ehtiyotkorona qadam tashlangan boʻlsa, hozirga kelib tashkilot ichida oʻzaro siyosiy qoʻllov hamda harbiy hamkorlik boʻyicha ham masala koʻtarilishi mumkinligi maʼlum boʻlib qoldi. Lekin bu yerda bizning Qirgʻiziston diplomatiyasi yodda tutishi kerak boʻlgan muhim jihatlar mavjud. Chunki biz bir vaqtning oʻzida SHHT, YXHT kabi tashkilotlarga ham aʼzomiz. Bu jihatdan olganda, albatta, manfaatlar toʻqnashuvi boʻlmay qolmaydi. Bularning barini hisobga olib, maslahatlashib keyin siyosat olib borish toʻgʻri boʻladi”, - deydi siyosatchi.
Qanday hujjatlarga qo’l qo’yildi?
Rasmiy xabarlarga koʻra, ushbu sammitda quyidagi hujjatlarga qo’l qo’yilgan:
- Turkiy tillarda soʻzlashuvchi davlatlarning VI Sammiti deklaratsiyasi;
- TTSD Hamkorlik kengashining bosh kotibi, bosh kotib oʻrinbosarlari hamda Turkiy akademiya prezidentini tayinlash haqidagi qaror;
- Vengriyaga TTSD Hamkorlik kengashida kuzatuvchi maqomini berish haqidagi qaror.
Shu bilan birga, Turkiy tillarda soʻzlashuvchi davlatlarni integratsiya qilish konsepsiyasi; Yoshlar va milliy sport turlarini rivojlantirish haqida Vengriya TTDHK Hamkorlik kengashining qoʻshma bayonoti; Yozuvchi Chingiz Aytmatovnning 90 yilligiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazish haqida kengash rahbarlarining qoʻshma bayonoti boʻyicha hujjatlar qabul qilingan.
Sammit tarixi
Turkiyzabon davlat rahbarlari sammiti 1992-yilda tashkil qilingan. Bu tashabbus Turkiyaning marhum prezidenti Turgʻut Oʻzalga tegishli.
2009-yilga kelib esa Qozogʻiston Prezidenti Nursulton Nazarboyev tashabbusi bilan Turkiy tilli davlatlar hamkorligi kengashi xalqaro tashkilot boʻldi. Unga Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Turkiya aʼzo boʻlgan. Turkiy tilli davlatlar hamkorligi kengashida Turkmaniston kuzatuvchi maqomida qolmoqda. Oʻzbekiston esa Islom Karimov davrida kengashga qoʻshilish taklifiga beeʼtibor boʻlib kelgan.
Mirziyoyevning Qirgʻizistonda oʻtgan bu yilgi sammitda ishtirok etishi joriy yilning aprel oyida Oʻzbekiston prezidentining Erdogʻan bilan boʻlgan uchrashuvidan soʻng maʼlum boʻlgandi.