AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis AQSh boshchiligida Afg’oniston hududida olib borilayotgan 17 yillik urush harakatlariga yakun yasash borasida jiddiy qadamlar tashlanganini ta’kidlamoqda.
“Ayni damda murosaga erishish belgilari avvalgi kabi xom xayol yoki sarob emas. U bir tizimga tushgan”, - deydi Mattis.
Garchi mudofaa vaziri “ochiq muloqot yo’nalishlari” borasida gapirgan bo’lsa-da, Qatarda bo’lib o’tishi kutilayotgan boshlang’ich AQSh-Tolibon muzokaralarini rasman tasdiqlamagan. Agar tasdiqlansa, bu so’nggi bir necha yillar ichida AQSh-Tolibon harakati o’rtasidagi ilk tog’ridan-to’g’ri muzokara bo’lishi mumkin.
“Murosa harakatlari Davlat departamenti tarafidan kuchaytirilgan – ana shu yagona maqsad yo’lida elchixona tarkibiga qo’shimcha xodimlar biriktirildi – guvohi bo’layotganingizday, ishlar jadallashgan”, - deydi Jim Mattis.
Mattis vaziyatni bunday baholashiga sabab bo’lgan omillarga to’xtalmagan. Biroq u joriy yil avvalida Tolibon va Afg’oniston hukumati o’rtasida uch kunlik o’t ochishni to’xtatish kelishuviga erishilganini ta’kidlagan.
Shuningdek, u afg’on harbiy salohiyatining o’sgani va Oq uyning Janubiy Osiyo bo’yicha yangi strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan xalqaro ko’makning “muqim xarakter” kasb etgani haqida aytgan.
Nizolarning yangi bosqichi
AQShning Afg’onistondagi kuchlariga general Skot Millerning bosh qo’mondon etib tayinlanishi bilan vaziyatga turli izohlar berilmoqda. Miller 17 yil ichida AQSh harbiy harakatlarini boshqaradigan to’qqizinchi general sifatida ish boshladi.
Og’ir to’qnashuvlar davom etayotgan bo’lishiga qaramay, Miller nizolarni murosaga qaratilgan bosqichga olib o’tishga harakat qiladi.
“Amerika Ovozi”ning Pentagon ma’lumotlarini tahlil qilib aniqlashicha, AQSh boshchiligidagi koalitsiya Afg’oniston hududuga rekord miqdorda bomba tashlashni rejalashtirgan.
O’z o’rnida Tolibon ham hujumlarni kuchaytirgan. Bunga muhim tinchlik muzokaralaridan avval ta’sir doirasini kengaytirib olish uchun urinish deb baho berilmoqda.
“Zo’ravonlik barcha tomonlar, ayniqsa, Tolibon uchun richag vazifasini o’taydi”, - deydi AQSh-Tolibon muzokaralarini tashkil etishda yordam bergan Pentagonning sobiq maslahatchisi Kristofer Kolenda.
“Shunday ekan, joriy tajriba bosqichida Tolibon tinchlik muzokaralariga jiddiy yondashish bilan birga yirik qurolli to’qnashuvlarni to’xtatmaydi”, - degan edi Kolenda o’tgan oy “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
Pokistonning roli
Xurujlarning ortishi Tramp ma’muriyatining Afg’oniston bo’yicha yangi strategiyasi joriy qilinganiga bir yil to’lgan davrga to’g’ri kelgan.
AQSh rasmiylari strategiyaning samarali ishlayotganini ta’kidlash bilan birga, o’z chegara hududlaridan Tolibon jangarilariga uzluksiz dastak bo’lib turgan Pokistonga nisbatan e’tiroz bildirishda davom etmoqda.
“Janubiy Osiyo strategiyasini qo’llab-quvvatlashga doir hal qiluvchi chora-tadbirlari yo’qligi tufayli” AQSh o’tgan haftada Pokistonga 300 million dollar ajratishdan bosh tortgan.
Mazkur masala AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning Islomobodga tashrifi doirasida ko’tarilishi tayin.
Tolibon jangarilarini dastaklayotganini inkor etib kelayotgan Pokistonda sobiq kriketchi Imron Xon boshchiligida yangi hukumat ish boshladi.
4-sentabr kuni Mattis yangi hukumatning Afg’oniston bo’yicha siyosatiga o’zgartirishlar kiritishiga umid bildirdi.
Davlat kotibi Mayk Pompeo veteran diplomat Zalmay Halilzadni Afg’onistonda murosaga erishish masalalari bo’yicha maxsus maslahatchi sifatida e’lon qildi.
Asli afg’onistonlik bo’lgan Halilzad 11-sentabr fojiasidan keyin Jorj Bush tarafidan Afg’onistonga elchi etib tayinlangan edi. Keyinchalik u Iroq va BMTda ham elchilik lavozimida faoliyat olib borgan.