Afg'onistonda tinchlik o'rnatish jarayoni davom etar ekan, Rossiya ham mintaqada o'z ta'sirini kuchaytirishga urinmoqda. Ayni paytda Eron ixtilofdagi har ikki tomon bilan muloqot o'rnatish harakatida, deydi AQSh rasmiylari.
AQSh Markaziy qo'mondonligi rahbari general Jozef Votelning aytishicha, Moskva o'zini jarayonning muhim ishtirokchisi sifatida ko'rsatishni istamoqda.
"Afg'oniston, Suriya yoki boshqa joylar bo'lsin, ular o'z ta'sirini o'tkazib biz bilan raqobat qilishga urinmoqda", - deydi u.
"Ular o'zlari xohlagan fikrni paydo qilish uchun dezinformatsiyani davom ettirmoqda. Nafaqat Afg'onistonda, balki Iroq va Suriyada ham AQSh IShIDni qo'llab-quvvatlayapti degan g'oyani olg'a surishmoqda", - dedi general.
Bu esa safsata, deya qo'shimcha qildi Votel.
Rossiyaning o'yinlari
Vashingtondagi Milliy Mudofaa universiteti professori Met Diyering fikricha, Moskvaning Afg'onistondagi faollashishi ajablanarli emas.
"Ular Afg'onistonga burun tiqishdan manfaatdor. Bu narsani bir necha frontda davom ettirishadi, goh Tolibon, goh hukumatning boshqa muxolif partiyalari bilan muloqot qilish orqali", - deydi u.
"Afg'onistondagi siyosiy figuralarning Rossiya yordamini qabul qilishi afsuslanarli, chunki bu siyosatdagi bo'linishni kuchaytirib, hukumat legitimligini zaiflashtiradi", - deya qo'shimcha qiladi Diyering.
Tolibon bo'yicha mutaxassis Tomas Jonson fikricha, Rossiyaning Afg'onistonga ta'sir o'takazishga urinayotgani to'g'ri, lekin bo'rttirib gapirilyapti.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin urushdan vayron bo'lgan Afg'onistonda AQSh siyosati muvaffaqiyatsizlikka uchrashini xohlaydi, deya qo'shimcha qiladi ekspert.
"Putin global maqsadga ega. U shaxmat o'ynayapti. AQSh Afg'onistondagi maqsadlaridan birortasiga erisha olmasligi uchun harakat qilyapti", - deydi Jonson.
Rossiyaning Tolibon bilan aloqasi
Moskva Tolibon bilan aloqa o'rnatganini inkor etmaydi, ammo bu aloqalardan maqsad ularni tinchlik muloqotiga undash ekanini aytadi.
"Bu aloqalarni ushlab turishdan asosiy maqsadimiz Afg'onistondagi Rossiya fuqarolari va tashkilotlarining xavfsizligini ta'minlash; shuningdek, Tolibonni qurolli ixtilofdan voz kechib, hukumat bilan milliy dialog boshlashga undash", - degan edi Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.
Kobul Moskvani "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda Tolibonga yordam ko'rsatayotganlikda ayblab chiqqan edi. Lavrov bu da'volarni rad etadi.
Shu yil boshida Rossiya Moskvada Afg'oniston konferensiyasi tashkil etishni rejalab, unga 11 davlatni taklif etgan edi, ammo Afg'oniston rasmiylari norozilik bildirgach, anjuman qoldirildi.
Eronning Afg'onistondagi roli
Afg'onistonda o'z ta'sirini yoyishga urinayotgan davlat faqat Rossiya emas. General Votelga ko'ra, mintaqada Eron ham faollashgan. Ular ham Tolibon, ham Kobul bilan aloqa o'rnatishga urinmoqda, deydi amerikalik harbiy.
Rossiyadan farqli ravishda, Eron ko'proq o'zining barqarorligini o'ylamoqda, deya qo'shimcha qiladi u.
Uning aytishicha, Tehron, asosan, sharqiy chegaralaridagi vaziyatdan xavotirda.
Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi tahlilchisi Antoni Kordesmen fikricha, Eron har ehtimolga qarshi Tolibon bilan aloqalarni iliq ushlab turmoqchi.
"Agar Tolibon Afg'oniston hukumatini egallab olsa, xavfsiz bo'lish uchun ular bu aloqani saqlab turishibdi. Yana bir qarash shuki, Eron IShIDning o'sib borayotgan rolini kamaytirish uchun ham Tolibonni qo'llab-quvvatlamoqda", - deydi u.