Erkin jamiyatlarda ham jurnalistlarga tahdid oshmoqda

  • Amerika Ovozi

Shu yil boshidan beri dunyoda 48 jurnalist o'ldirilgan. O'tgan 15 yil ichida qurbon bo'lgan OAV xodimlari soni 1000 dan oshgan.

Ularning ayrimlari mojaro hududlarida o'z ishini qilayotgan payt halok bo'lgan; boshqalari esa qasddan o'ldirilgan.

Shu yil o'lganlar orasida 9 afg'onistonlik jurnalist bor; ularning uch nafari "Amerika Ovozi"ning hamkori "Ozodlik" radiosidan. Bu jurnalistlarning barchasi aprel oyida, bir kunda halok bo'lgan. Ular Kobulda yuz bergan portlashda hayotini boy bergan.

Qurolli guruhlar, jinoyatchilar, giyohvand savdogarlari hamda terrorchilar qo'lida halok bo'lganlar ham oz emas. Hatto hukumatlar va siyosatchilar nishoniga tushayotganlar bor.

Yaqin-yaqingacha jurnalistlar o'limi holatlari, asosan, rivojlanayotgan va nodemokratik davlatlarda yuz berardi. Bu narsa endi so'z erkinligi ardoqlanadigan va jurnalistlar qattiq himoya qilinadigan G'arb jamiyatlariga ham kirib kelmoqda.

O'tgan 12 oy ichida Yevropa Ittifoqida uch jurnalist o'ldirilgan. Shu oy boshida bolgariyalik jurnalist Viktoriya Marinova do'pposlangan, zo'rlangan va so'ng o'ldirilgan. Uning o'limi sabablari hanuz o'rganilmoqda. Marinova Yevropa Ittifoqi mablag'larining o'zlashtirilishiga oid ishlarni taftish qilgan ko'rsatuvga boshlovchilik qilgan.

Slovakiyada shu yil boshida jurnalist Yan Kusian ham o'z uyida qallig'i bilan otib ketilgan edi. Maltalik Dafne Galizia esa mashinasi portlashi oqibatida halok bo'ldi. U ham siyosatchilarning korrupsiyaga aralashuvi ishlarini tekshirgani bilan taniqli edi.

"Chegara bilmas muxbirlar" bayonotiga ko'ra, bu o'lim hollari mintaqada demokratiya va so'z erkinligi tamoyillarining yomonlashayotganining eng yomon ko'rinishidir.

Saudiya arabistonilik jurnalist Jamol Xoshuqjining Turkiyadagi konsullikda g'oyib bo'lishi va uning ichkarida o'ldirilganiga oid gap-so'zlarning tarqalishi butun dunyoda aks-sado berdi. Xalqaro hamjamiyat - rasmiylar va biznes doiralari Saudia Arabistonidan yuz bergan hodisa bo'yicha tushuntirish berishni talab qilmoqda.

Tanqidchi jurnalistning xorijiy davlatda g'oyib bo'lishi qudratli shaxslar va doiralar so'z erkinligini bo'g'ish ishlarini davom ettirayotgani haqidagi xavotirlarni kuchaytirdi.

Shu oy Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi (JHQ) dunyo bo'ylab OAV xodimlari himoyasi bo'yicha olib borgan ishlari uchun mashhur Chatam uyi mukofoti bilan taqdirlandi.

Sentabr oyida qo'mita rahbari Birlashgan Millatlar Tashkilotini hukumatlar jurnalistlarni himoya qilish bo'yicha yetarli choralar ko'rmayotgani haqida ogohlantirgan edi.

O'lim holatlaridan tashqari, dunyo bo'ylab panjara ortida qolayotgan jurnalistlar ham juda ko'p, deydi u.

Vengriyadan boshlab Polsha, Germaniya va Italiyagacha o'ng va chap qanot populist siyosatchilar jurnalistlarga tazyiqni oshirgani kuzatilmoqda. Germaniyada "Muqobil Germaniya" o'ng qanot partiyasi tarafdorlari "Yolg'onchi matbuot" shiorini ko'tarib chiqdi. Bir paytlar xuddi shu shiorni natsistlar ishlatgan edi.

Slovakiyada Bosh vazir Robert Fitso jurnalistlarni "iflos anti-slovak fohishalar" va "ahmoq shoqollar" deb atagan. Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich esa uni tanqid qiluvchi jurnalistlarni "xorijdan pul oluvchi josuslar" deb aytgan.

Britaniyada ham jurnalistlarga nisbatan tahdid oshgani kuzatilmoqda. Internet orqali tahdidlar ko'payishi ortidan BBC siyosiy sharhlovchisi Laura Kuensbergni tan soqchisi bilan ta'minlashga qaror qildi.