Bangladesh hukumati 100 ming rohinjalik muhojirni Bengal qo'ltig'idagi odam yashamaydigan orolga ko'chirmoqchi. Bu yerda ular uchun maxsus uy-joylar qurilmoqda. Basan Char oroli o'ziga buncha odamni sig'dira oladimi?
Myanmada yuz bergan qonli zo'ravonliklar ortidan yuz minglab rohinja musulmonlari qo'shni Bangladeshga qochib o'tgan. Ular bu yerdagi vaqtinchalik lagerlarda xarob ahvolda yashab kelmoqda.
Xalqaro hamjamiyat ko'magi bilan Bangladesh hukumati Bashan Char orolida qochqinlar uchun uy-joy bunyod etmoqda. 2006-yil dengizdan ajrab chiqqan orol Bangladesh asosiy hududidan qayiqda bir soatlik yo'l va bu yerda tez-tez yomon ob-havo sharoitlari yuz berib turadi.
Xalqaro hamjamiyat rohinja qochoqlarini ko'chirishdan oldin orolda barcha xavfsizlik choralari ta'minlanishini talab qilmoqda.
"Birlashgan Millatlar Tashkiloti orolning texnik holatini to'liq o'rganib chiqadi, deb umid qilamiz. Rohinjalar bu dasturda qatnashishga ixtiyoriy rozi bo'lsa va orol xavfsizlik talablariga javob bersa, xalqaro hamjamiyat bu ishni qo'llab-quvvatlaydi. Lekin bu jarayon hanuz ko'rib chiqilish bosqichida", - dedi AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha yordamchisi o'rinbosari Alis Uels.
Belgilangan muddatdan bir necha oy kechikkan qurilish ishlari so'nggi bosqichda. Ko'plab qochqinlar yangi orolga ko'chishdan xavotirda. Atrof-muhit faollariga ko'ra, tayfun kabi tabiiy ofatlar orolga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
Loyiha rahbari Mizanur Rahmonning aytishicha,yangi markazda qochoqlar yaxshiroq yashash sharoitlariga ega bo'ladi.
"Klaster uylarning bir tomonida sakkizta oila yashashi mumkin. Har bir binoda bitta umumiy oshxona va hammom bo'ladi. Oshxonada 16 ta pishirish jihozi bor. Oshxonalar g'isht va tunukadan qilingan. Devorlar g'ishtdan, tomga tunuka yopilgan", - deydi rasmiy.
Bangladesh dunyoning eng quyi nuqtada joylashgan mamlakatlaridan biri. So'nggi 50 yil ichida bu yerda yuz bergan tabiiy ofatlar natijasida yuz minglab odam halok bo'lgan. Xususan, Bashan Char oroli yaqinidagi hududlarda.