Toliblarni sulhga da’vat qilish, ularni tinch hayotga qaytarish harakati hanuz davom etmoqda. Lekin uchrashuvlar samara beryapti, deb aytishga hali ancha erta.
Tolibon harakatini muzokara stoliga olib kelish mushkul kechmoqda. Bu ishga AQSh aralashmoqda ekan, tomonlarning maqsad va manfaatlari bir-biriga zid kelmoqda.
Tolibon harakati rahbariyati xorijiy askarlarning Afg’onistonni tark etishini talab qilib kelmoqda. Bu talab birinchi galda Afg’oniston xalqi tashvishlarini orttirmoqda. Afg’onlarda toliblar yana bir bor hukumatga sherik bo’lsa, mamlakatning barcha hududlaridagi vaziyatga o’z ta’sirini o’tkazadi va demokratik yutuqlar yakson bo’ladi, degan xavotir mavjud.
Shu bois siyosiy faollar demokratik yutuqlar Tolibon bilan muzokaralar qurboniga aylanmaslikni so’rab kelmoqda.
AQSh xorijiy qo’shinlarni Afg’onistondan olib chiqadimi yoki uchrashuvlar to’xtatiladimi? Bu xususdagi qarorni Donald Tramp ma’muriyati qabul qilishi kerak.
AQSh Prezidenti Donald Tramp Afg’onistonda tinchlik ta’minlanishi uchun “o’ta jiddiy muzokaralar” bo’layotganini ta’kidlagan.
Trampga ko’ra, muzokaralar qanday natija berishi hali aniq emas. Afg’onlar urushdan charchagan, deydi u.
Afg’oniston hukumati Tolibon bilan muzokaralar olib borish uchun maxsus delegatsiya tashkil qilishga harakat qilmoqda.
Prezident bu borada siyosiy rahbarlar bilan birma-bir ushrashib chiqdi.
Prezident so’zlovchining aytishicha, ushbu delegatsiya muzokaralar jarayonini osonlashtirish maqsadida tashkil qilinadi.
Afg’oniston ortga chekinmoqdami?
Afg’oniston hukumatining milliy xavfsizlik bo’yicha sobiq maslahatchisi Rangin Dodfar Spanta nazarida Afg’oniston va mintaqagi siyosat o’zgarmoqda, lekin Kobul Tolibon bilan murosaga borishi ehtimoli kuchli.
“Afg’oniston va mintaqa inkor etib bo’lmaydigan siyosiy o’zgarishlarga yuz tutmoqda. Biz istaymizmi yo’qmi, mamlakatga Tolibon siyosati qaytib keladi”, - deydi u.
Hukumat esa “siyosatchilar o’z fikr-mulohazalarini mamlakatdagi vaziyatni inobatga olgan holda bildirishi kerak”, deya Spanta kabi shaxslarni aholini yanada tashvishga solmaslikka chorlamoqda.
Kuzatuvchilar fikricha, Qo’shma Shtatlar xohlasa, Afg’onistonda tinchlik ta’minlanishi mumkin.
AQSh harbiylari bosh qo’mondoni general Jozef Danfordning Tolibonni yengilmas kuch deya ta’riflashi harakatga yanada quvvat berishi mumkin.
U Kanadadagi anjumanda AQSh toliblarni yenga olmasligini aytgan.
Toliblarni muzokaraga ko’ndirish mas’uliyati AQShning Afg’oniston uchun maxsus vakili Zalmay Halilzod zimmasiga yuklangan.
Halilzod kelasi yilning apreligacha kelishuvga erishiladi degan umidda.
Ayni paytda Afg’onistonda 2019-yilning aprelida o’tkazilishi kutilayotgan prezident saylovi uch oyga kechiktirilgani aytilmoqda.