O’zbekistonning Nyu-Yorkdagi konsulligi vatandoshlar bilan ishlash payida

Your browser doesn’t support HTML5

2-dekabr kuni Nyu-Yorkning Bruklin tumanida O'zbekistonning Nyu-Yorkdagi bosh konsulxonasi AQShda yashaydigan vatandoshlar bilan muloqot o'tkazdi. Unda asosan Nyu-Yorkning Bruklin va Kvins tumanlari, shuningdek, Nyu-Jersi shtatida yashaydigan yurtdoshlar ishtirok etdi. Qariyb ikki soat davom etgan muloqot chog'ida O'zbekistonning yangi tayinlangan Bosh konsuli Kamol Ikramov konsullik xizmatlariga oid savollarga javob berdi. Muloqotda O'zbekistonning BMTdagi doimiy vakili, elchi Baxtiyor Ibragimov, konsullar Qahramon Dalimov va Ulug'bek Ahmedov ham qatnashdi. Ucharshuvni “Vatandosh” O'zbek-Amerika Federatsiyasi tashkil etdi.

Bunday uchrashuvlarda qanday masalalar ko’tarildi? Vatandoshlarni tashvishlantirayotgan asosiy muammolar nimalardan iborat? Yig’inda qatnashgan Nyu-Yorkdagi muxbirimiz shu savollar bilan vatandoshlarga murojaat qildi.

O'zbekistonliklar shu paytgacha hadik va xavotir, biroz ishonchsizlik bilan qoqadigan eshiklar ortida, O'zbekistonning AQShdagi elchixonasi va konsulligida bugun vaziyat o'zgargan. O'zbekiston diplomatlari vatandoshlar bilan muloqotga kirishgan. Fuqarolar esa diplomatlarga avvalgilarga qaraganda o'z savollarini dadilroq beryapti. Buni Bruklinda bo'lib o'tgan ochiq muloqotda ham ko'rish mumkin.

“Farzandim maktabda o'qigani sabab O'zbekistonga borolmadik va pasportini almashtirmadik. Farzandim qo'shimcha kreditlarni jamlash uchun yozda ham darslarga bordi. Xudoga shukr, kollejga o'qishga kirdi. Yozda ko'ngillilar dasturida qatnashishni maqsad qilgan, shu bois yana O'zbekistonga borolmaydi. Oqibatda orada pasportni almashtirish muddati ikki yilga o'tkazib yuborilyapti. Unga pasportni konsullikda rasmiylashtirish iloji bormi? Buning uchun nima qilishimiz kerak?” - deya ilk savol bilan murojaat qildi bruklinlik Laziz Mardonov.

“Hozirgi tartiblarga muvofiq, farzandlaringiz pasportni almashtirish uchun O'zbekistonga borishi shart. Pasport muddati o'tgan farzandingizning O'zbekistonga qaytishiga izn beruvchi guvohnomani biz rasmiylashtirib beramiz. Lekin O'zbekistondan yaxshi xabarlar bor, OVIRni bekor qilish masalasi shular jumlasidan. OVIR bekor qilinishi bois biz O'zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi bilan birgalikda mamlakat hukumatining vakolatli idoralariga AQShda yurgan O'zbekiston fuqarolariga pasportni shu yerda rasmiylashtirish taklifi bilan chiqqanmiz. Hozircha bu taklifimiz tasdiqlanmagan. Lekin hammaga ushbu taklif ma'qul. Bu borada aniq ma'lumotni yanvar oyida ma'lum qilamiz”, - deydi konsul Qahramon Dalimov.

“Xorijga chiqish pasportini olishga qancha vaqtimiz ketadi, muddatini aniq ayta olasizmi?”- deb so'raydi Laziz Mardonov

“Men Matluba Razzakova, Toshkentdanman. Mening savolim quyidagicha, men 25 yil davomida Toshkentda anestiziolog-shifokor bo'lib ishlaganman, so'ngra doimiy yashash uchun AQShga ko'chib kelganman, O'zbekiston fuqarosiman, Toshkentga borib menga nafaqa belgilashlarini so'raganimda rad javobini berdilar. Bunga O'zbekistonda doimiy ro'yxatda (propiskada) turmasligimni ro'kach qilishdi. Axir, bu mening ishlab topgan nafaqam-ku. Nega men o'z nafaqamni ololmayapman?” – deydi yana bir fuqaro.

Bu va o'nlab boshqa savollarni, o'zlarini qiynayotgan muammolarni o'zbekistonlik vatandoshlar konsullar bilan muloqot vaqtida o'rtaga tashladilar.

“Albatta, konsullar bilan uchrashuvda muhojirlarimiz o'zlarini qiziqtiradigan savollarni aniqlashtirishi, muammolarni ko'tarishi mumkin. Ularga qanaqangi qulayliklar zarurligi to'g'risida gaplashishi mumkin. Bu uchrashuvlar, albatta, zarur” - deydi Nyu-Yorkda ko'p yillardan buyon yashayotgan o'zbek muhojiri, professor Sobir To'laganov.

“Lekin konsulliklar orqali muhojirlarni hukumat bilan, hukumatga taalluqli bo'lgan masalalarda byurokratik to'siqlarni olib tashlash juda zarur. Mening oilamda konsullik bilan bog'liq muammomiz yo'q. Biz konsullikda ro'yxatda turamiz. Pasportni ham shu yerda almashtirdik. Bu jarayon bilan tanishgan odam sifatida shuni aytishim mumkinki, byurokratik talablar juda katta. U yerda hatto mantiqsiz talablar mavjud” - deya qo’shimcha qiladi u.

Biometrik pasportni AQShdan turib olish uchun Sobir To'laganov 5 marta konsullik ostonasini xatlagan. Hammasiga qog'ozbozliklar sabab.

“U yerda qarindosh-urug'larning tug'ilganligi, kasb-kori, hatto qayerda vafot etganigacha doir ma'lumotlar so'raladi. Mehnat daftarchasidan to'liq ma'lumot talab etiladi. Ota-onasi, turmush o'rtog'idan chet mamlakatda yashashiga rozilik borasidagi notariusda tasdiqlangan ishonchnoma-rozilik xati yana boshqa bir talablardan. Shunga o'xshash talablar juda ko'p” – deydi To’laganov.

Ana shunday talablar bois minglab vatandoshlar konsullikni chetlab yurishga majbur, deydi suhbatdoshimiz.

“Men o'zim konsullikka besh marta bordim. U yerda doim ham sinchkov bo'lmaydilar. Bir gal bir kamchilikni topib qaytaradilar, keyingi safar borganingizda boshqa kamchilikni topishi mumkin. Shu sababli menga besh marta borishimga to'g'ri keldi. Qarangki, hatto 19-asrda tavallud topgan otamizning o'lganligi borasidagi guvohnomani arxivdan tiklashimga to'g'ri keldi. Shu darajada talablar”- deya eslaydi suhbatdoshimiz.

Sobir To'laganov mavjud kamchiliklarni sanab o'tish qatori masalaning yechimini ham taklif etmoqda. Xususan, AQSh tajribasiga e'tiborni qaratmoqda.

“Oldingi pasporti bor odamga, avvalgi pasporti yangi pasportni olishiga kafolat berishi kerak. Bu yerda, Amerikada IDlarni internet orqali murojaat qilsangiz ham yangilab beradi, hujjatni pochta orqali yuborishadi. Bizda ham shunday qulayliklar amalda joriy etilishi kerak. Shu tufayli O'zbekistonga borolmay, muammosini hal qilolmay turgan, arosatda qolgan fuqarolarimiz ko'p”.

Huquq faoli Muslimbek Hamrayevga ko'ra, o'zbek diplomatlari faoliyatida o'zgarish bor, lekin vatandoshlar manfaatlarini tom ma'noda himoya qilishda ular hamon sobit emas.

“Asosan, O'zbekiston elchixonasi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni yoritish bilan ovora. Inson huquqlari, siyosiy muammolarga kelganda haligacha jim turishmoqda. Aynan ana shunday muammolarni hal qiladigan notijorat, nodavlat tashkilotlarni tashkil etish kerak deb o'ylayman” – deya xulosa qiladi Muslimbek Hamrayev.

Konsul Qahramon Dalimovga ko'ra, bu kabi muammolar yuzaga kelishida o'zbekistonliklarning konsulxonada doimiy ro'xatdan o'tmaganliklari ham asosiy sabablardan biri sanaladi.

Biroq fizik-matematik olim Sobir To'laganovga ko'ra, vatandoshlar konsullikda ro'yxatda turishlari uchun, eng avvalo, ishonchni kuchaytirish, hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonini esa soddalashtirish zarur.

“Ilgarigi vaqtda muhojirlarimiz davlat organlaridan, konsulliklardan ham olis qochib, hatto bir-birlaridan ham olis qochib qo'rquvda yurishganligi bor gap. Hozirgacha o'sha holatda yurganlar ham bor. Hali ham ishonchsizlik bilan yurganlar, vatanimga borsam biror ayb topib qamaydimi degan qo'rquvlar ham bor. Mening nazarimda ana shunday qo'rquvdan xoli bo'lishlar uchun hukumatimiz astoydil kirishishi, tushuntirish ishlarini olib borishi kerak. Demokratik tamoyillarni yo'lga qo'yishi lozim deb o'ylayman. Bormoqchi bo'lganlarga O'zbekiston darvozalari ochilishi, viza berish masalasini yengillashtirish kerak. Hozirgacha ayrimlariga hamon viza berishmayapti”, - degan xulosaga kelgan Sobir To'laganov.

Konsullar bilan muloqotni uyushtirgan “Vatandosh” O'zbek-Amerika federatsiyasi faollariga ko'ra, bu kabi muloqot O'zbekistonning tashqi siyosatidagi o'zgarishlar ortidan yuz bermoqda. Tashkilot rahbari muovini Dilshod Zokirov shunday deydi:

“Bilamiz, yaqinda yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev AQShga Donald Tramp taklifi bilan rasmiy safar qilgandi. Vatandoshlar bilan uchrashganda kelajakda O'zbekiston umuman xorijiy davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlashda aynan xorijda yashaydigan vatandoshlarimiz rolini oshirish masalasiga alohida urg'u berdi. Bu borada ma'lum rejalar ishlab chiqilayotganini ma'lum qildi. Aynan bu narsa AQShda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz uchun ham taalluqli”.

Ozod Nishonov 10 yildan buyon AQShda yashaydi. U Bruklinda konsullar bilan uchrashuvda qatnashib, o'z savollariga javob topganidan mamnun.

“Bugungi tadbirning ko'pchilikka foydasi tegadi deb o'ylayman. Chunki yangiliklar eshitdik. O'zim kutganimdan ham ancha yaxshi javoblar oldim. Xususan, Qahramon aka javoblarni to'liq berdilar. Amerika fuqaroligini olsa, bu ularning farzandlariga qanaqa ta'sir qiladi, shuni bilmoqchi edim”- deydi biz bilan suhbatda Ozod Nishonov.

“Vaziyatni solishtirsak, fuqarolarimiz uchun avvalgi yillarga qaraganda ancha qulayliklar yaratilgan, lekin shu bilan biz to'xtab qolganimiz yo'q. Yana qo'shimcha imkoniyatlar mavjud. Bundan tashqari ko'p harakatlarimiz hozir pochta orqali va internet vositasida ham amalga oshirilayapti. My.gov.uz saytida tushuntirish ishlari olib bordik. U yerda odamlar masofadan turib hujjatlarni rasmiylashtirishlari mumkinligi xususida tushuntirish berdik. Bir necha yillar avval bu muomilalar faqatgina fuqarolarning ishtiroki bilan hal qilinardi, hozir bilvosita yoki internet orqali hal qilish imkoniyati mavjud. Pul va vaqtlarini ketqizib kelishlari shart emas. Uylaridan turib barcha ma'lumotlarni olish imkoniyati mavjud” - deydi “Amerika ovozi” bilan suhbatda O'zbekistonning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulligi xodimi Qahramon Dalimov.

Eng ko'p savollar ikki fuqarolik bilan bog'liq bo'layotganini aytar ekan, Qahramon Dalimov bu borada o'zgarishlar yo'qligini ta'kidlaydi. Lekin boshqa masalalar yuzasidan savol-javoblar hali davom ettirilishini aytadi O'zbekiston konsulligi vakili.

“Bunaqa suhbatlarimiz ko'proq bo'ladi, degan umiddamiz. Keyingi uchrashuvimiz 23-dekabr kuni Pensilvaniya shtatining Filadelfiya shahrida o'tkaziladi”, - deya xulosa qiladi konsul.