Erdog'an: Kurdlarga hujum qilish qaroridan qaytmaymiz

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an amerikalik qo’shinlar Suriyani tark etganidan so’ng kurd jangchilariga hujum qilmaslik haqidagi AQSh talabini rad etdi. AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Jon Bolton hafta boshida Anqarada bo’lib, Donald Tramp talablarini turk rasmiylariga yetkazgan edi. Turkiya qurollangan kurd guruhlarini terrorchi deb biladi, AQSh esa kurdlarni “Islomiy davlat” jangari to’dasiga qarshi faol kurashayotgan ittifoqchi sifatida ko’radi.

Rajab Toyib Erdog’an Turkiya parlamentidagi chiqishida Suriya shimolida kurd terrorchilariga qarshi harbiy tayyorgarliklar yakuniy pallada ekanini aytdi. Erdog’an suriyalik kurdlarni ham, “Islomiy davlat”ni ham nishonga olamiz, dedi. Uning nazarida, har ikkisi Kurdiston ishchilar partiyasiga aloqador.

“Suriyada terror tarmog’iga aloqador bo’lganlar jazolanadi. Xoh Kurdiston ishchilar partiyasi bo’lsin, xoh kurdlarning Xalq mudofaa bo’linmalari, xoh Demokratik ittifoq partiyasi yoki “Islomiy davlat -biz uchun hammasi birday terrorchi”, - dedi Erdog’an.

Erdog’an Jon Boltonning talabini keskin tanqid qildi.

“Janob Tramp bilan aniq kelishuvimizga qaramay, Oq uy ma’muriyatidan boshqa fikrlarni eshityapmiz. Shunga qaramay, Trampning Suriya bo’yicha qarashlari va qo’shinlarni chiqarish qaroriga asoslanib ish tutamiz”, - dedi Erdog’an.

Turkiya noroziligiga qaramay, Qo’shma Shtatlar kurdlarni qo’llab-quvvatlab, qurollantirib keldi. Amerika harbiylari Suriyani tark etsa, kurdlar himoyasiz qoladi. AQShdan umidini uzayotgan kurdlar Suriya hukumatiga yordam so'rab iltijo qildi. Isroil AQSh askarlari chiqarilishi natijasida Eronning Suriyada ta’siri kuchayishi haqida ogohlantirmoqda.

Seshanba kuni Iordaniyaga tashrif buyurgan AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, Tehron ham, “Islomiy davlat” ham mintaqa xavfsizligi uchun birday tahdid.

Unga ko’ra, Trampning askarlarni Suriyadan chiqarish qaroriga qaramay, terrorchilarga qarshi kurash susaymaydi.

Bu qarori uchun tanqidga uchragan Tramp qo’shinlar maqsadga muvofiq vaqtda chiqarilishini ma’lum qildi.

“Tramp Erdog’anga qo’shinlar 2-3 oy muddatda chiqariladi, deb aytgan edi. Endi esa 120 kun deyishyapti”, - dedi Turkiya prezidentining matbuot kotibi Ibrohim Qalin.

AQSh qo’shinlari bilan birga harbiy texnikasi va qurollarini ham chiqaradimi, hozirgi harbiy bazalari taqdiri nima bo’ladi? Anqara Oq uydan shu savollarga ham javob kutmoqda.