Qatarda Tolibon bilan muzokara haqida AQSh jim

  • Amerika Ovozi

AQSh Tolibon bilan muzokarada

Afg’oniston hukumati Tolibon bilan bevosita gaplashishga shay ekanini bildirgan. Kobul nazarida markaziy hukumatsiz o’tadigan har qanday muzokara samara bermaydi.

20-yanvardan beri Qatarda davom etayotgan muzokaralarda AQSh vakili Zalmay Halilzod va Tolibon guruhi delegatsiyasi vaqtinchllik sulh hamda xorijiy askarlarning Afg’onistonni tark etishi bo’yicha kelishib olgan. Toliblar shunday iddao qilmoqda, lekin AQSh biror bayonot bermagan.

Tolibon guruhi a’zolari Afg’oniston xalqaro terrorizm o'chog'i bo’lmaydi, deya AQShga kafolat berganini aytgan. Bu borada toliblarga manbalar ma’lum qilgan.

Tolibon xorijiy kuchlar Afg’onistonni tark etishi kerak deya talab qilib keladi.

AQSh va Tolibon muzokaralarni davom ettirar ekan, Afg’oniston hukumati Tolibon bilan bevosita gaplashishga shay ekanini bildirgan. Kobul nazarida markaziy hukumatsiz o’tadigan har qanday muzokara samara bermaydi.

Afg’oniston rahbari Ashraf G’ani Shveytsariyada o’tgan xalqaro anjumanda aytishicha, Tolibon “barcha terrorchi va ekstremist guruhlar bilan aloqada".

Prezident G’ani Pokistonni toliblar va boshqa guruhlarga boshpana berayotganlikda ayblaydi. Pokiston esa bunday iddaolarni rad etib keladi.

G’ani Afg’oniston sulhi masalasi juda murakkab va ko’p qirrali ekanini aytar ekan, bu ishda qo’shnilar va mintaqa davlatlari hissa qo’shishi zarurligini ta’kidlaydi.

AQSh Afg’onistondan o'z kuchlarini olib chiqishga bel bog'lagani G’ani nazarida noto'g'ri qaror. Amerika Afg’onistonda aslida o’z davlatining xavfsizligi uchun jang qilmoqda, deydi u.

G’ani prezident bo’lganidan beri, 2014-yilning kuzidan buyon, 45 ming nafar afg’on harbiylari halok bo’lgan. Xorijiy askarlardan 72 nafari o'lgan.

Bosh vazir Abdulla Abdulla fikricha chet el harbiylarining ketishi xavfsizlikka hech qanday tas’ir qilmaydi. Chunki, deydi u, G'arb harbiy yordamni davom ettiradi.