Rossiyada xotin-qizlarni xo'rlash hali ham jinoyat emas

  • Amerika Ovozi

Xotin-qizlar huquqlari uchun namoyish, Sankt-Peterburg, 8-mart, 2019

Rossiyada xotin-qizlar yuzlashadigan muammolar dolzarb hisoblanmaydi. Vaholanki, ayollarga erkaklarga qaraganda kamroq haq to’lanadi. Oilaviy zo’ravonlik ko’lami keng.

Bugungi Rossiyada siyosatchilarga quloq tutsangiz, mamlakat xotin-qizlar uchun jannat ekan, deb o’ylaysiz. Muammo yo’q, deydi ular.

"Rossiya taraqqiyotiga buyuk ayollarimiz beqiyos hissa qo’shgan”, - deydi Prezident Vladimir Putin.

Lekin statistika degan narsa bor. Unga ko’ra, hukumat xotin-qizlar hayotini yaxshilash uchun juda ko’p ishlar qilishi kerak. Bugungi ahvol ko’p jihatdan og’ir.

“Rossiya aholisining 21 millioni qashshoq, shundan 67 foizi xotin-qizlar. Ish haqiga qarasangiz, ayollarniki erkaklarnikiga qaraganda 27-30 foiz past.”

Oilaviy zo’ravonlik ko’lami dahshatli darajada. Buning ustiga, 2017-yilda parlament oilaviy zo’ravonlik uchun jazoni o’zgartirdi. Yaqiniga birinchi marta qo’l ko’targanlar endi jarima bilan qutuladi. Qonunchilar Rossiya konservativ jamiyat, uydagi gap ko’chaga chiqmasin, deb ovoz bergan.

“Jarima ham jazomi? Axir pul baribir oila byudjetidan keladi. Bu degani buning zararini ham jabrlanuvchi, ya’ni ayol ko’radi”, - deydi Alyona Popova, faol.

Oilaviy zo'ravonlik aksariyat hollarda Rossiyada jinoyat hisoblanmaydi

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, oilaviy zo’ravonlik bo’yicha shikoyatlar Rossiyada 50 foizga kamaygan. Ekspertlar tahlilicha, ko’plab ayollar qo’rqqanidan politsiyaga bormaydi yoki yordam so’ramaydi. Bu esa fojia, deydi mutaxassislar.

“Qizim, qizalog’im tushlarimga kirib chiqadi. Bag’rimga bossam deyman. Qizimni yupatgim keladi”, - deydi Anna Verba, 28 yoshli qizi Yelenani yo’qotgan ayol.Yelenani eri 57 marta pichoq sanchib o’ldirgan. Guvoh esa uning 7 yoshli o’g’li bo’lgan.

“Mana shunday qotillik jazolanmaydi. Adolat haqida qanday gapirish mumkin”? - deya so’raydi Anna.

Bu ayol nazarida yangi qonun va chora-tadbirlar vaziyatni yanada og’irlashtirgan. Yelena politsiyaga bir necha bor telefon qilsa-da, yordam berilmagan. Eri uni oldin ham pichoqlagan lekin hech kim g’ing demagan.

“Ayollarni zo’ravonlikdan himoya qiladigan qonunlar kerak. Men va nabiram qayga boraylik bu qonxo’rdan qochib? Nega doimiy qo’rqinchda yashashim kerak”? - deya nola qiladi Anna.

Muammoga qarshi kurashayotgan tashkilotlar hisobicha, har yili Rossiyada 16 milliondan oshiq ayol erkaklar qo’lida azoblanadi. Atigi 10 foizi yordam so’raydi. Qolganlar esa sukutda.